French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘dorchilikni rivojlantirishga oid xalqaro hamkorlik kengaymoqda
11:17 / 2022-01-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi bayonining 64-bandiga asosan, Quva tumanidagi “Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi” MCHJ (keyingi o‘rinlarda - Ilmiy markaz)da mevali ko‘chatlarning onalik bog‘larini kengaytirish maqsadida Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan onalik bog‘larining kafolatlangan va sifatli payvandtaglarni xarid qilish va keltirish topshirig‘i berilgan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari To‘lqin Sattarov rahbarligida Ilmiy markaz xodimlaridan iborat ishchi guruhi Rossiya Federatsiyasiga tashkil etilgan xizmat safarida bo‘ldi.

Ishchi guruhi Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi “Shimoliy Kavkaz Federal bog‘dorchilik, uzumchilik, vinochilik ilmiy markazi” Federal davlat byudjeti ilmiy muassasasi rahbar va ilmiy xodimlari bilan muzokaralar olib bordi va hamkorlik shartnomasi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishda ilmiy yondashuv zarurligi haqida so‘z yuritdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda Ilmiy markaz yer maydonlaridan tajriba maydoni sifatida foydalanish, tomonlarning o‘zaro tashkiliy, uslubiy jihatdan hamkorlik qilish, kafolatlangan va sifatli payvandtaglarni xarid qilishga ko‘maklashish, mevali ko‘chatlarning M6, MM106, MM109, MM111 ona bog‘lari yangilash va yangi SK2 va SK7 navlarini berish bo‘yicha hamda behi, gilos, uzumning ona bog‘lari ko‘chatlarini yetkazib berish masalalarida ham kelishib oldi.

Shuningdek rossiyalik mutaxassislar yurtimizga kelib ko‘chat geni, uning tarkibidagi viruslarini o‘rganadigan laboratoriyalarini yetkazib berishga va o‘z tajribalarini o‘rgatish hamda bog‘dorchilik bo‘yicha o‘qitishga kelishildi.

Ma’rufjon O‘rozov,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassisi.
O‘zA