Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan “A.Masterfruit” mas’uliyati cheklangan jamiyati 8 gektar yer maydonidan unumli foydalanmoqda. Jamiyat 4 gektarga anorning mahalliy “Qoraqayin” hamda AQSHning Kaliforniya shtatidan keltirilgan urug‘siz “Vonderful” navini, 1,5 gektarga uzumning "Rizamat" va "Husayni" navlarini, yana 1,5 gektarga malina ekib, yuqori hosildorlikka erishdi.
2022–2024 yillarda hosildorlik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi: anorniki 77,2 sentnerdan 96,7 sentnerga, uzumniki 104 sentnerdan 157,3 sentnerga, malina hosildorligi esa 42,6 sentnerdan 54,6 sentnerga yetdi.

Jamiyat yer maydonlarida anor, malina, uzum, anjir, chilonjiyda, shaftoli, olma va qulupnaylar Germaniya texnologiyasi asosida, tomchilatib sug‘orish tizimi orqali parvarishlanmoqda. Bu usul suvni tejash, har bir niholning sog‘lom rivojlanishi va yuqori hosildorlikka erishish imkonini bermoqda.
Jamiyat ish boshqaruvchisi Sodiqjon Muhammedovning ta’kidlashicha, yangicha loyihalardan biri — agrovoltex texnologiyasini joriy etishdir. Xususan, 50 sotix yerda Fransiyaning “agrivoltaics” yo‘nalishida 50 ming dollar grant mablag‘i hisobidan quvvati 80 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Uskunalarni Norvegiya mutaxassislari o‘rnatib berishgan.

– Bu usul juda samarali, – deydi Sodiqjon Muhammedov. – Birinchidan, malina nihollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuridan himoyalanadi, bu esa o‘sishi va hosildorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ikkinchidan, quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi qo‘shimcha daromad manbai bo‘ladi. Masalan, qisqa vaqt ichida 7 500 kVt/soat elektr ishlab chiqarildi, shundan 5 037 kVt/soati tarmoqqa sotilib, faqat ikki oyda 7,5 million so‘mlik daromad olindi.

Kelgusida yana bir gektar yerdagi malina maydonini ham quyosh panellari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Buning uchun 850 ming dollarlik grant mablag‘i ajratilishi kutilmoqda. Yaponiya mutaxassislari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, “agrivoltaics” yo‘nalishida malina yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, hosildorlik oshishi bilan birga elektr energiyasidan olinadigan daromad ham ortishi kutilyapti.

Jamiyatda hozirda 4 nafar doimiy va 15 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda. Doimiy xodimlarning oylik maoshi o‘rtacha 3–3,5 million so‘mni tashkil etadi. Yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozor bilan birga xorijga ham eksport qilinmoqda.
– Nihollarni eka boshlaganimizga 5 yil bo‘ldi, – deydi Sodiqjon Muhammedov. – Bizda sho‘rga chidamli, nordon-shirin anorlar qatorida urug‘siz “Vonderful” navini ham parvarishlayapmiz. Bu meva o‘rtacha o‘lchamli, sersuv va 50–55 foiz sharbat chiqaradi, yaxshi hosil beradi, har tupidan 70–80 kilogrammgacha hosil olish mumkin.

Shuningdek, jamoa Italiya qulupnayini ham ekib ko‘rdi. U mahalliy navdan farqli o‘laroq, erta bahordan kech kuzgacha hosil bermoqda. Kelgusida qulupnay maydonlari kengaytiriladi.
Malina qator oralaridagi bo‘sh yerdan unumli foydalanish ham daromad, ham yer unumdorligini oshirmoqda.
Ikki yil oldin Samarqanddan olib kelinib ekilgan 40 tup chilonjiyda esa allaqachon hosil berdi. Bu yilgi natija ham quvonarli. Kelgusida chilonjiyda bilan birga olma va shaftoli ko‘chatlari ham ko‘paytirilib, bozorga chiqariladi.
Jamiyat faoliyati faqat bog‘dorchilik bilan chegaralanib qolmagan. Xodimlar ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida agroturizm loyihasi ustida ham ish olib borishmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, mamlakatimizga kelayotgan turistlar boqqa tashrif buyurib, malina, qulupnay, anor va uzumni daladan uzib iste’mol qilish imkoniga ega bo‘lishadi. Shu maqsadda zarur infratuzilma yaratilmoqda. Shuningdek, mahsulotlarni sifatli saqlash uchun sovitish ombori qurilishi rejalashtirilgan.
Sodiqjon Muhammedovning mehnatlari yuksak baholandi. Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, u “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
– Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, – deydi u. – Qilgan mehnatim davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, orden bilan taqdirlanganimdan juda mamnunman. Buning uchun Prezidentimiz va viloyat rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri