French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘dorchilik va mashinasozlik sohalarida qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi
15:11 / 2024-10-18

Markaziy Osiyo universitetlari forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Vengriyaning “Jon fon Neyman” universiteti Vasiylik kengashi prezidenti Norbert Chizmadiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, istiqboldagi loyihalar va umumiy manfaatli masalalar muhokama qilindi. Tomonlar universitetlararo hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari sifatida O‘zbekiston-Vengriya II Rektorlar forumi doirasida erishilgan natijalarni yuqori baholadi.   

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida olib borilayotgan muhandislik kadrlarini tayyorlashga qaratilgan dasturlar yurtimizning kelajakdagi iqtisodiy taraqqiyoti va sanoat rivoji uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.   

Norbert Chizmadiya Vengriya uchun O‘zbekiston hamkorlikdagi ustuvor va muhim davlatlardan biri ekanini, shuningdek, ushbu sohada aloqalarni yanada rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganini aytib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar talabalar almashinuvi, shuningdek, bog‘dorchilik va mashinasozlik sohalarida qo‘shma ta’lim dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.  

Bu kabi tashabbuslar nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki yoshlarga yangi bilim va imkoniyatlar eshigini ochib beradi.   

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA