FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridagi barcha xo‘jaliklarda jami 7 ming 400 gektar mevali bog‘ va 1 ming 500 gektar uzumzor mavjud. Ushbu bog‘u rog‘lardan joriy yilda jami 76 ming tonna meva va 15 ming tonna uzum yetishtirish mo‘ljal qilingan bo‘lib, shu kungacha 33 ming 500 tonna meva va 4 ming tonnadan ziyod uzum yetishtirilgan.
Bundan tashqari, hududda joriy yilda 800 gektar mevali bog‘ va tokzor yangidan barpo etish rejalashtirilgan. Hozirga qadar 469 gektar maydonda mevali bog‘ va 108 gektar tokzor barpo etildi.
Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 31 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilib, yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish yuzasidan qator vazifalar belgilangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agrosanoatni rivojlantirish agentligining hududiy bo‘limi tomonidan keng qamrovli ishlar, yer va mulk egalari o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
[gallery-25216]
Taxiatosh tumanida ham bu borada qator ishlar bajarilayotir.
Tumanning “Keneges” ovul fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Avezniyazov Qurbonboy” fermer xo‘jaligi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. Umumiy yer maydoni 10,5 gektar bo‘lgan xo‘jalikda asosan bog‘dorchilik yo‘lga qo‘yilgan. Fermer xo‘jaligida olma, shaftoli, nok va o‘rik ko‘chatlari parvarishlanadi. Yer egalari meva daraxtlarining qator orasidan ham unumli foydalanish maqsadida mosh va kunjut kabi donli ekinlar yetishtirmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA