FOTOREPORTAJ
Bu yil Farg‘ona viloyatining olma eksporti bo‘yicha 5,2 ming tonnalik yutug‘ida Quvasoy shahri bog‘bonlari hissasi katta bo‘ldi.
Quvasoy shahrining sug‘oriladigan yer maydoni 15 ming 85 gektar bo‘lsa, shundan 8 ming 300 gektari mevali bog‘larni tashkil etadi. Ularning ko‘pi olmazor. Shu kunlarda bog‘ oralab qolsangiz, hosildorlikdan ko‘zingiz qamashadi, dilingiz yayraydi.
Behizor massivida joylashgan “Ruslan sazan” fermer xo‘jaligi bog‘ida ham olma ayni hosilga kirgan palla.
[gallery-8978]
–Jami 11 gektar yerning 8 gektariga g‘alla ekanman, - deydi xo‘jalik rahbari Rustamjon Karimov. – 2 gektar olma bog‘im bor, 1 gektar yerda chorva ozuqasi yetishtiraman. Viloyat ekin maydonlariga suv asosan, qo‘shni respublikadan kirib kelishi hisobiga undan tejamli foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rganmiz.
Ta’kidlash kerak, shahar irrigatsiya bo‘limi bu yil 1300 gektar ekin maydonida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni rejalashtirgan. Shundan, 1250 gektar tomchilatib, 50 gektar yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qilish bo‘yicha talabgorlar aniqlanib, ular bilan shartnomalar imzolangan.
–Joriy yilda 250 gektar yerga boshoqli don ekish rejalashtirilgan edi, - deydi Quvasoy shahar irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Sardor Mirzarasulov. – Biroq, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari yangilanayotgan bog‘larning yosh nihollari oralig‘iga ham bug‘doy ekib, omborlarga topshirishga qaror qildi. Boshoqli don maydonlari 1500 gektarga yetkazildi. Hozirgi kunda 250 gektar ochiq yerga g‘alla urug‘i ekib bo‘lindi. Unga birinchi suv berish ishlari peshma-pesh bajarilmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA