Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilish holatlarini nazorat qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berish maqsadida brifing o‘tkazildi.
Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova quyidagilarni ma’lum qildi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid bir nechta farmonlari, qarorlari ijrosi hamda amaldagi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga rioya qilinishi bo‘yicha qo‘mitamiz tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya nazorati o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning o‘n oyi davomida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan 5 ming 448 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida rejali tekshirishlar o‘tkazildi.
Tekshirishlar davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan jami bo‘lib, kimyoviy tahlillar uchun 134 ming 185 ta namunalar olingan, shulardan 4,8 foizi talabga javob bermagan bo‘lsa, bakteriologik tahlillar uchun olingan 130 ming 330 ta namunalardan 10,5 foizi SanQvaN talablariga javob bermagan.
32 ming 773 ta guruhlarda xona harorati (mikroiqlim ko‘rsatkichlari) tekshirilgan, 4 ming 424 tasida harorat talab darajasida emasligi aniqlandi. Yorug‘lik ko‘rsatkichlari 55 ming 770 ta nuqtada o‘lchangan, 6 ming 809 tasida yorug‘liq pastligi aniqlandi.
Tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishini to‘g‘ri va xavfsiz tashkil etilgani ustidan nazoratni amalga oshirish chog‘ida mikrobiologik ko‘rsatkichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 14 ming 29 ta namuna olingan. Ularning 706 tasi talabga javob bermagan. Ichimlik suvidan olingan 8 ming 192 ta namunadan 489 tasi talabga javob bermagan. Kimyoviy tahlillar uchun ovqat to‘yimliligi 6 ming 696 ta holatda tekshirilganda, 1 ming 538 ta namunada ovqat to‘yimliligi pastligi aniqlandi.
Sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 16 ming 891 ta namuna tekshirilganida 324 ta namunada nitrat qoldiqlari bo‘lgan.
Osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 3 ming 184 ta namuna tekshirilganida esa 1 ming 123 ta namunada yod miqdori kam bo‘lgan.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan 5 ming 671 ta holatda ma’muriy choralar (jarimalar) qo‘llanildi. Shu bilan birga 236 ta muassasaning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 1 ming 95 nafar ishchi-xodim tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmagani sababli ishdan vaqtincha chetlashtirildi. To‘qqiz yarim tonnadan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA