English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘chalarda sog‘lom ovqatlantirishning yangicha tizimi
22:09 / 2020-12-30

Farg‘ona shahridagi “Svet Whit Invest” xususiy korxonasi ta’sischisi Svetlana Sultonova maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodni sog‘lom voyaga yetkazish yo‘lida xizmat qilmoqda.

–Hozirda autsorsing tizimida ish yuritib, Farg‘ona shahridagi 1-, 6-, 9-hamda Rishton tumanidagi  1-, 5-, 16-, 18-, 19- va 51-maktabgacha ta’lim tashkilotlariga xizmat ko‘rsatyapmiz, - deydi “Svet Whit Invest” xususiy korxonasi ta’sischisi Svetlana Sultonova. Farg‘ona shahrida 337 nafar, Rishton tumanida esa 660 nafar bolaga ovqat tayyorlab beryapmiz.

Buning uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari oshxonalari nol qiymatda foydalanish uchun berilgan. Eng muhimi, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan bunday xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar kommunal to‘lovlardan ozod qilingan. Qolaversa, ish samaradorligini oshirishda tadbirkorga Farg‘ona viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining uslubiy ko‘magi va tavsiyalari juda asqotmoqda.  

–Mening ikki nafar farzandim shahardagi 1-maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnaydi, - deydi fuqaro Gulmira Murodova minnatdorchilik bilan. – Ikki nafar farzandim shu bog‘chada bo‘lgani bois bizga tegishli imtiyoz ham berilgan.

[gallery-646]

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 mahallik taomnoma ham to‘yimli, ham mazali ovqat va yeguliklar bilan boyitilgan. Eng muhimi, taomnoma shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi bilan bamaslahat, amaldagi me’yorlar asosida tuzilib, shahar sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan tasdiqlanadi. Taomnomada ovqat turlari takrorlanmasligiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, taomnomani tuzishda ota-onalarning taklif va mulohazalari ham inobatga olinadi. Qolaversa, taomnoma fasllar va mavsumga qarab yangilanib boriladi. Binobarin, barcha ota-onalar xususiy korxona xizmatidan minnatdor.

Ota-onalar tomonidan to‘lanadigan oylik badali viloyat markazi, tuman, shaharlar markazi hamda qishloq joylardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun toifalarga ajratilgan. Bu ham bo‘lsa Yurtboshimiz tomonidan ota-onalar uchun yaratilgan imkoniyatlardan biridir.  

Bundan tashqari, tadbirkor karantin cheklovlari yumshatilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilguncha oziq-ovqat zaxirasini yaratib qo‘ygan. Negaki, zaxira qanchalik bekamu ko‘st va sifatli bo‘lsa, taomnoma shunchalik rang-barang va boy bo‘ladi.  

Suratlarda: 1,2,3,4,5,6,7,8,9,10-Farg‘ona shahridagi 1-maktabgacha ta’lim tashkilotida.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA