Qaror va ijro
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori davlat bog‘chalarida bolalarning ovqatlanishini autsorsing usuliga o‘tkazish bo‘yicha tanlovlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan hududlar bo‘yicha Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarning ilk g‘olibi Angren shahridagi tanlab olingan DMTTlar bo‘ldi. Shu bo‘yicha tashkil etilgan amaliy-o‘quv seminarda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov, tashabbuskor autsorsing korxonasi, Angren shahar hokimligi vakillari, bog‘chalar direktorlari, hamshira va xo‘jalik ishlari mudirlari qatnashdi.

– Endi yangi tartib bo‘yicha har oyda DMTTlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha taxminan 10-15 talab shartnomalar tuzilmaydi, ortiqcha qog‘ozbozlik va yuklamalar oldi olinadi, – deydi Ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish va metodik xizmat ko‘rsatish sho‘’basi boshlig‘i Hasan Yuldashev. – Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirlari va ta’lim tashkilotlari rahbarlari ta’limga oid bo‘lmagan ishlardan ozod qilinib, asosiy vaqtlarini ta’lim jarayoniga bag‘ishlashga zamin bo‘ladi. Biz joylardagi mas’ullarga shu bo‘yicha tushunchalar berishga harakat qildik. Ishonamizki, sa’y-harakatlar o‘z natijasini beradi.
Seminarda oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarning xavfsizligi hamda sifatini kafolatlash lozimligi aytildi. Tarbiyalanuvchilar orasida ovqatlanish bilan bog‘liq yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, tarbiyalanuvchilar o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
A.Musayev, O‘zA.