Quyi palata majlisida Bolalar ombudsmani ma’ruzasi yuzasidan deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Jumladan, 2025-yilda hududlardagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ommaviy zaharlanish holatlari sodir bo‘lgani, 2026-yilda ham bu holat kuzatilgani aytib o‘tildi. Bu kabi holatlarning oldini olish, nazorat o‘rnatish uchun Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani yuzasidan murojaat qilindi.
— Darhaqiqat, Farg‘ona shahrida 62 nafar bolaning ommaviy zaharlanishi Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Bu borada mintaqaviy vakillarning ham e’tibori oshirildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati va Jizzax viloyatidagi bolalarning zaharlanish holatlari joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganishlarda asosan oziq-ovqat xavfsizligi choralari ko‘rilmaganligi aniqlandi. Autsorsing tizimi, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha belgilangan standartlar ustidan nazoratni kuchaytirish, sifatsiz oziq-ovqat yetkazib bergan autsorsing xizmatlarining javobgarligini oshirish, ayrim cheklovlar o‘rnatilishi lozim. Monitoring tahlillarini tegishli tashkilotlarga taqdim etganmiz, — dedi Bolalar ombudsmani.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ham bu kabi holatlarga izoh berib, vazirlik tizimida o‘rganish jarayoni ketayotgani, yakuniy natija hali to‘liq chiqmaganini ma’lum qildi.
M.Komilova, O‘zA