Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining katta qismida ta’lim sifati va bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 118 ta nodavlat bog‘chaning 61 tasi belgilangan talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur masala Guliston tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi faollar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Yig‘ilish Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev rahbarligida o‘tkazilib, unda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati tahliliy-tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, tumanda jami 118 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, shulardan 11 tasi turli sabablarga ko‘ra vaqtincha faoliyat yuritmayapti. Viloyat ishchi guruhlari tomonidan o‘tkazilgan kompleks tekshiruvlar faqat 43 ta bog‘chada ta’lim-tarbiya jarayoni belgilangan me’yor va standartlar asosida yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatdi.

Ayniqsa, 15 ta oilaviy bog‘chada yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmayotgani jiddiy tashvish uyg‘otdi. Xususan, ayrim muassasalarda yong‘indan ogohlantiruvchi moslamalar o‘rnatilmagan yoki ularning texnik xizmat muddati o‘tgan, o‘t o‘chirish vositalari yetarli darajada ta’minlanmagan. Shuningdek, qo‘lbola isitish pechlari va gaz ballonlarining xavfsizlik talablariga zid holda qo‘llanilishi bolalar hayoti va salomatligi uchun xavf tug‘dirishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida sohadagi mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va mas’uliyatni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Tegishli mutasaddilarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, yong‘in va sanitariya xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA