Navro‘zi olam nafasi kezib yurgan kezlarda viloyatning Qarshi tumani "Chaman"MFYda 150 o‘rinli “Shumtakalar” nomli bolalar bog‘chasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur bog‘chada bolajonlar uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda xorijiy tillar to‘garaklari, futbol, karate, mental arifmetika, xoreografiya, rasm hamda mohir qo‘llar, boks va badiiy gimnastika bo‘yicha ham to‘garaklar tashkil etilgan. Pedagoglar kasting asosida tanlab olinib, yetuk ta’lim fidoyilari jalb etilgan. Bundan tashqari, tadbirkor Samandar Narzullayevning aytishicha, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari ham ushbu bog‘chada imtiyozli tahsil olishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun: joriy yilning 3 oyi davomida Qashqadaryo viloyatida 185 ta maktabgacha ta’lim muassasasi ochilib, 9 ming 438 nafar bola qamrab olindi. Qamrov darajasi 2023-yil yakunidagi 60,2 foizdan 63 foizga yetdi.

Ta’kidlash lozimki, joriy yilning 5-mart kuni davlatimiz rahbarining Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga tashrifi davomida, hududlardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bittadan xona ajratilib, bolalarni erta yoshdan gimnastika bilan shug‘ullantirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Shu munosabat bilan mazkur bog‘chada ham gimnastika bo‘yicha mahorat to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyat rahbari M.Azimov ushbu to‘garak faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbarining topshiriqlaridan kelib chiqib, kelgusida viloyatdagi 466 ta davlat va 156 ta davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida bittadan xona ajratilib, bolalarning gimnastika bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratilishi mo‘ljallanmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri