Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘chalarda autsorsing xizmatini yo‘lga qo‘yish kengaymoqda
22:38 / 2022-10-31

Parkent tumanida 21 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi. Toshkent viloyati hokimining MTMlarda autsorsing xizmatini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga asosan, hududdagi 19 ta bog‘cha autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tizimiga o‘tgan.

Viloyatdagi ikkita bog‘cha hozirda ta’mirlanayotgani sababli vaqtincha faoliyat yuritmayapti. Tumandagi 18-bog‘cha esa markazdan olisda – “Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan. Davlat dasturi asosida 6 milliard 125 million so‘m mablag‘ga qayta qurilib, 2022 yilning may oyida foydalanishga topshirildi.

Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi “GOVERNESS BUSSINESS” mas’uliyati cheklangan jamiyati Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari hamda Nurafshon shahridagi jami 74 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 12 ming 483 nafar tarbiyalanuvchilarga autsorsing usulida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Parkent tumanidagi 18-DMTT da ushbu tadbirkorlik sub’ekti tomonidan tarbiyalanuvchilarning ota-onalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” nomli taomlar taqdimoti tashkil etildi.

– Ushbu bog‘chada to‘rt nafar nabiram tarbiyalanmoqda, – deydi Hisorak qishlog‘i faoli Surmaniso Hayitova. – Farzandlarim ham shu yerda tarbiyalangan. Shuning uchun avvalgi va hozirgi holatini taqqoslay olaman. Autsorsing xizmati joriy etilganidan keyin bog‘chada bolalarning ovqatlanishida yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘ldi. bugungi tadbirda bolalarimizning qanday taomlar iste’mol qilayotgani va tashkilotga kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati haqida ma’lumotga ega bo‘ldik.

Yaqinla Bo‘stonliqdagi 15-DMTTda ham ana shunday taomlar taqdimoti tashkil etilgan edi.

Bog‘chalarda kelgusida «keytring» xizmat turlarini ham yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Bunda taomlar bog‘chaning o‘zida emas, yetkazib beruvchi korxonada tayyorlanadi va qadoqlanadi. Bir bog‘chada tayyorlangan taomlar yaqin oradagi boshqalariga yetkazib berilishi ham «keytring» xizmatiga misol bo‘la oladi.

O‘zA