Sirdaryo viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar hamda kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yil davomida ta’lim sohasida olib borilgan keng ko‘lamli ishlar tahlil qilinib, sohadagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, viloyatda ta’lim sifati va qamrovini oshirish, infratuzilmani yangilash hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayni paytda Sirdaryo viloyatida 1 173 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 313 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. 3–7 yoshli 81 ming nafardan ortiq bolaning 87,2 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingani sohadagi muhim natijalardan biri sifatida qayd etildi.

So‘nggi yillarda yangi bog‘chalar qurilishi, mavjud muassasalarni rekonstruksiya qilish, davlat-xususiy sheriklik va oilaviy bog‘chalarni rivojlantirish orqali ta’lim infratuzilmasi izchil kengayib bormoqda. Xususan, 6 399 ta yangi o‘rin yaratildi. Joriy yilda 48 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 59 ta maktabda qurilish-ta’mirlash hamda jihozlash ishlari amalga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun 596,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada bog‘chalarda 2 730 nafar, maktablarda esa 6 956 nafar o‘quvchi uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha mavjud bo‘lmagan 3 ta mahallada yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sport zaliga ega bo‘lmagan 5 ta maktabda esa zamonaviy sport inshootlari barpo etildi.

Ta’lim tizimini raqamlashtirish yo‘nalishida ham sezilarli siljishlar qayd etildi. Maktablarga 767 dona zamonaviy kompyuter yetkazib berildi, ta’lim muassasalarining barchasi texnik vositalar bilan ta’minlanib, 100 foiz maktab internet tarmog‘iga ulandi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida elektron davomat tizimi joriy etilgani ta’lim jarayonida shaffoflikni ta’minlayotgani ta’kidlandi.
2025–2026-o‘quv yilidan boshlab viloyatdagi 310 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etildi. Ushbu yangilik o‘quvchilar bilim samaradorligini 10,2 foizga oshirishga xizmat qilgani qayd etildi. Shu bilan birga, PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ishlari kuchaytirilib, fan olimpiadalarida 32 ming nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida pedagog kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda maktabgacha ta’lim tizimida 4 675 nafar pedagog faoliyat yuritib, ularning 34 foizi oliy ma’lumotli mutaxassislar hisoblanadi. Pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati” kabi tizimli tashabbuslar yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Inklyuziv ta’lim yo‘nalishida ham amaliy ishlar kengaymoqda. Har bir tuman va shaharda inklyuziv guruhlar tashkil etilib, 30 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Umumta’lim maktablarida esa 159 nafar bola inklyuziv ta’lim asosida tahsil olmoqda. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun 1 milliard 438 million so‘m mablag‘ ajratilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarni rag‘batlantirish va xorijda malaka oshirish ishlari uchun mahalliy byudjetdan 1,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani qayd etildi.
Matbuot anjumanida 2026 yil boshida Guliston shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filialida o‘tkazilgan “Viloyat yosh o‘qituvchilar uyushmasi” birinchi forumi haqida ham ma’lumot berildi. Mazkur forum yosh pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida 50 nafar yosh o‘qituvchiga “Yosh o‘qituvchilar uyushmasi a’zosi” ko‘krak nishonlarining tantanali topshirilishi yosh kadrlar uchun muhim rag‘bat va ishonch ifodasi bo‘lgani alohida qayd etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri