Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘chada sifatsiz ko‘mir ishlatilayotgani aniqlandi
16:16 / 2025-11-28

Shu kunlarda parlament quyi palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bormoqda. O‘rganishlar davomida joylardagi ijtimoiy soha ob’ektlarining holati bilan yaqindan tanishilmoqda. Fuqarolarning murojaatlari tinglanmoqda.

Jumladan, deputat Shahnoza Xolmahamatova Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlarida bo‘lib, mavjud masalalarni o‘rgandi. Kitob tumanining uzoq tog‘li hududi — Palandara mahallasiga tashrif davomida aholining turmush tarzi, infratuzilma va ish o‘rinlarining holatiga e’tibor qaratildi. 8,7 mingga yaqin aholi yashaydigan ushbu hududda "mahalla yettiligi" faoliyati bilan tanishildi.  

Deputat 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini ham o‘rgandi. Bog‘chada bolalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Biroq muassasada sifatsiz ko‘mirdan foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi.  

Xalq vakili qish arafasida bog‘chalar issiq va bolalar uchun xavfsiz bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shu maqsadda tegishli mutasaddilarga ta’minotni qayta ko‘rib chiqish va bog‘cha hamda maktablarni sifatli yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuboradigan bo‘ldi.  

***

Deputat Z.Zohidov esa Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi o‘rganishlari davomida fuqarolar bilan muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida fuqarolarning murojaatlari eshitildi. Jumladan, hudud aholisi ish bilan bandlik, uy-joy, kommunal xizmatlar, yo‘l va transport, tadbirkorlik va ijtimoiy sohalarga oid masalalarda murojaatlar qildi. Mazkur masalalar tegishli mutasaddilar bilan muhokama qilinib, muammolarni ijobiy hal etish choralari belgilab olindi.

Deputatlarning joylardagi uchrashuv va muloqotlari, o‘rganishlari davom etmoqda.  

Muhtarama Komilova, O‘zA