Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 21-fevral kuni Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Farg‘ona shahridagi 2-, 58- va 61-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 62 nafar tarbiyalanuvchisida kuzatilgan tana haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Hozirda shifoxonada davolanayotgan barcha bolalarning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Ularning salomatligi bilan bog‘liq barcha o‘zgarishlar tibbiyot xodimlari tomonidan chuqur tibbiy tahlil asosida o‘rganilmoqda va doimiy nazorat ostida saqlanmoqda.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur holat yuzasidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha jamoatchilikka O‘zbekistonning rasmiy axborot kanallari orqali muntazam ma’lumot berib borilishi ma’lum qilindi.
62 nafar bolada kuzatilgan tana haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq holatning asosiy sabablari nima ekani, shifoxonada davolanayotgan bolalarning ahvoli haqida qo‘shimcha va yangilangan ma’lumot qachon berilishi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilotlar mazkur holatni bartaraf etish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rayotgani xususida yo‘llangan savollar hozircha ochiq qolmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA