Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 21-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Bolalarni milliy qadriyatlar va mehnatga o‘rgatish” mavzusida viloyat miqyosidagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining erta yoshdan mehnatga qiziqishini oshirish, kasbga yo‘nalishini shakllantirish, amaliy ko‘nikmalar va mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, jamoaviy hamkorlik va ijodiy yondashuvni mustahkamlash, milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashdan iboratdir.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida faoliyat yuritayotgan to‘garaklarda bolajonlar tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qurilish, zardo‘zlik, novvoylik, hamshiralik, asalarichilik, pillachilik kabi yo‘nalishlarda amaliy mashg‘ulotlar olib bormoqda.

Mazkur mashg‘ulotlar orqali bolalarda ijodkorlik, mustaqil fikrlash, mayda motorika, sabr-toqat, gigiyena va mehnat madaniyati kabi muhim ko‘nikmalar shakllanmoqda.


Seminar ishtirokchilari ushbu jarayonlarni bevosita kuzatib, o‘z faoliyatlarida qo‘llash mumkin bo‘lgan samarali tajriba va yondashuvlarni o‘rgandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.