Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘cha “Tashabbusli byudjet” tufayli zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi
09:27 / 2023-09-14

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida joriy yilda o‘tkazilgan "Tashabbusli byudjet" loyihasida 43 ta taklif eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Ayni kunlarda mazkur ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Dashtcho‘lpon mahallasida joylashgan 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti dastur doirasida mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Sifatli ta’lim va tarbiya olish uchun barcha sharoit muhayyo qilingan muassasa hududdagi 250 nafar jajji bolajon uchun o‘z eshiklarini qaytadan ochdi.

Maktabgacha ta’lim muassasasining hozirgi bino-inshootlari dastlab 1993 yilda bunyod etilgan. 250 o‘ringa mo‘ljallangan muassasaga 2021 yilgacha 150 nafar bola qatnagan bo‘lsa, ayni o‘sha yili yana 100 nafar kichkintoyni bog‘chaga jalb etishga erishilgan. Natijada esa mahalladagi maktabgacha yoshdagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 95 foizga yetkazilgan.

O‘tgan davr mobaynida ko‘zga ko‘rinarli ta’mirlash ishlari olib borilmagan maskanda munosib va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha loyiha doirasida ilgari surilgan tashabbus 2 mingtadan ko‘p ovoz to‘pladi. Prezidentimizning qarori asosida ushbu taklifni ro‘yobga chiqarish uchun esa davlat byudjetidan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Natijada eski bog‘cha binosi mukammal ta’mirlanib, yangi va zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. 10 ta guruhda tarbiyalanayotgan 250 nafar bola va ularning tarbiyachi-ustozlari uchun munosib sharoitlar yaratildi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida “Tashabbusli byudjet” kabi dasturlarning ahamiyati bilan birgalikda yurtimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida gapirib o‘tdi. Ayni dastur natijasida Dashtcho‘lpon mahallasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar alohida qayd etib o‘tildi.  

M.Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri