Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlandimi?
15:47 / 2025-09-25

Piskent va Bo‘ka tumanlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qayd etilgan holat bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirildi

Joriy yilning 24 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lganligi sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.

Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funsional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabarida qayd etilishicha, mazkur vaziyat darhol nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabagacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2% li kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti. O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi, deyiladi xabarda. 

Mohigul Qosimova, O‘zA