Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘cha pedagoglari malaka oshirish markazi ish boshladi
18:45 / 2025-05-28

Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglari malakasini oshirish markazi tashkil etildi.

Markazning ochilish marosimida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel xonim ishtirok etib, markazda amalga oshiriladigan o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. 

YUNISEF bilan mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik 2023 yilning dekabr oyidan boshlangan bo‘lib, 50 million AQSH dollari qiymatidagi “O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasining ijrochi hamkori hisoblanadi. Loyihadan maqsad maktabgacha ta’lim sifati va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

[gallery-23630]

– Loyihaning dastlabki bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi pedagogik mahorat markazlarida maxsus maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglari malakasini oshirish markazlari tashkil etish belgilangan, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Oyatulla Rahmatullayev. – Bu loyiha o‘n yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unda maktabgacha ta’lim tizimi muassasalari rahbar va pedagoglarining zamonaviy ta’lim metodlari asosida bilim va malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. E’tiborli tomoni, O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri joriy yil boshida Italiyaga safari davomida Redji Emilio ta’lim markazi bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Hozir mazkur markaz mutaxassislari aynan ushbu loyiha doirasida hududlarda maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglari malakasini oshirish markazlarining o‘quv uslubiy ta’minotini yaratishda ishtirok etmoqda.

Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida tashkil etilgan Maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglari malakasini oshirish markazida 1 ta auditoriya, 1 ta o‘quv laboratoriya, kompyuter xonasi va 1 ta o‘quv xonasi zamonaviy jihozlandi. Ushbu xonalarning o‘ziga xosligi shundaki, bevosita nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘un tashkil etiladi.

Ma’lum qilinishicha, hududlarda bu kabi markazlarning beshtasi ayni kunlarda o‘z faoliyatini boshlasa, yana oltitasi joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi belgilangan.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari