French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Bog‘cha – maktab – universitet» uchinchi renessansga eltuvchi yo‘llardir
12:33 / 2024-04-16

Munosabat

Ijtimoiy davlat islohotlarida fuqarolar, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 3-aprel kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi daromadlari va xalqimiz farovonligini oshirish borasida poytaxt jamoatchilik vakillari bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari Yunusobod tumanida aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tar ekan, yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarni kengroq kasb-hunarga o‘qitish, jalb qilish lozimligi bo‘yicha ko‘rsatmalar ham berdi.

Ijtimoiy islohotlarning ta’lim-tarbiya, kasb-hunarga qaratilgani kishilik jamiyatining rivoji yo‘lida yana qanday imkoniyatlarni taqdim etadi? Shu kabi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, texnika fanlari doktori, professor Qo‘ng‘irotboy SHARIPOVning fikrlariga qiziqdik.

– Avvalo, kishilik jamiyatida islohotlarning ta’lim-tarbiya va kasb-hunarga qaratilganiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, bu nafaqat iqtisodiy, balki texnologik rivojlanishining intellektual belgisi hamdir, – deya o‘z fikrini boshlaydi vazir. – Shaxs qanchalik uquvli bo‘lishni istasa, kasb-hunar egallash va jamiyatga to‘liq qo‘shilish uchun ta’limga shunchalik intiladi.

Masalan, bugun rivojlangan mamlakatlar ta’limni yaxshilash uchun klaster usulini joriy qilishga intilmoqda. Negaki, ta’lim klasteri tizimi maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlarining integratsiyasini o‘zida mujassam etadi. Bunda hududiy pedagogik ta’lim innovatsion klasteridan foydalanishga yo‘naltiriladi va izchillik, ajralmaslik, uzluksizlik, zamonaviylik, almashinuv tamoyillari shakllanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bugungi kunda ta’limda innovatsiyalarni yaratish bilan bog‘liq ayni shu tizim — ta’lim klasteri ilgari surilmoqda. Ayni paytda bu borada Toshkent viloyatida o‘qituvchilar ta’limining innovatsion klasteri va amaliy ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda rivojlangan mamlakatlar taraqqiyotga muhandislik va qurilish sohalarida tub islohotlar o‘tkazish orqali erishmoqda. Xususan, ishlab chiqarish, sanoat va industrial rivojlanish orqali moddiy va iqtisodiy resurslar barobarida inson kapitali zamonaviy ta’lim asosida shakllantirildi. Ta’limning uzluksiz rivojlanishi, innovatsion pedtexnologiyalar va nazariya bilan amaliyotni omixta joriy etishga e’tibor qaratilmoqda.

Yangi O‘zbekiston strategiyasi uchun ta’lim sifatini oshirish ayni kunning ustuvor masalasi bo‘lib, unga monand «Klaster» tushunchasi samarali model sifatida kirib keldi. Bu uslub iqtisodiyot, sanoat hamda uning ta’limga tatbiq etilishini ta’minlashning dasturiga aylandi.

Shu sababli maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, oliy va undan keyingi ta’lim bosqichlari 2030 strategiyasida belgilab berilib, ular o‘rtasidagi harakatlar rejasi hayotimizga keng ko‘lamda tatbiq qilinmoqda.

Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbari Yunusobod tumanidagi 5-umumta’lim maktabiga tashrif buyurganida, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonning ta’lim tizimi islohotlari ijrosi bilan tanishib, o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Zamonaviy muhandislik yutuqlaridan samarali foydalangan holda muassasa, binolar barpo etish, yangi o‘quv o‘rinlari yaratish o‘z o‘rnida ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari muhandislik maktablari qatorida umumta’lim maktablarida ham farzandlarimizga kasb-hunar o‘rgatish muhimligini ta’kidlaydi.

Darhaqiqat, jamiyatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida o‘qituvchilar ta’limining innovatsion klasteri ichki va fanlararo aloqani ta’minlaydi. Mazkur model ta’lim muassasalari va jamiyatning barcha manfaatdor tomonlari o‘rtasida aloqa o‘rnatish, sohalarni rivojlantirish uchun ilmiy, ijodiy, ma’naviy, iqtisodiy imkoniyatlar berib, raqobatbardoshlikni oshiradi.

Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasiga ham borgan edi. Chorsu o‘zining qadimiy latofati bilan sayyohlarni jalb etib keladi. Tashrif asnosida mahalla oqsoqollari va mutasaddilari bilan suhbatda «Zamonaviy majmualar hamma joyda bor. Biz xorijiy sayyohlarni buyuk tariximiz bilan ko‘proq jalb etishimiz mumkin. Shuning uchun bu yer kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan turistik markazga aylanishi kerak. Bunday etnografik maskanlarni ko‘paytirish, milliy qadriyatlarimizni namoyish etish, turli festivallar o‘tkazish zarur», deya ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, ilm-fan va tajribalar asosida oddiy hududlarni hatto aqlli shaharlarga aylantirish davlatning iqtisodiy barqaror rivojlanish darajasini belgilab beradi. Zamonaviy maskanlar, shaharlarni barpo etish boshqaruvi yuqori muhandislik bilimlari bo‘yicha inson kapitalining qiymatini yanada oshiradi. Barqaror aqlli shaharlarni barpo qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti poydevorida ham o‘z o‘rnini topdi. Chunonchi o‘tgan bahorning mart oyida davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrining qurilishiga tamal toshi qo‘ygani kechagidek esimizda.

Ilm bilan yo‘g‘rilgan har bir ish asrlar osha yashab kelayotganining guvohimiz, Yangi Toshkent qurilishi ham ilm dargohlari qurilishi bilan boshlanar ekan, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasidir!

Bugungi kunda yurtimiz oliy ta’limi jahonning eng nufuzli OTMlari bilan integratsiyalashib akademik almashinuvlarga erishdi. Shu ma’noda to‘plangan tajribalar asosida «bog‘cha – maktab – universitet» yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etilishi ayni muddao bo‘ldi.

Muhandis mutaxassislar sanoat ishlab chiqarish tarmoqlari, zamonaviy iqtisodiyot rivojlanishining birdan bir innovatsion yo‘lidir. Bu borada Prezidentimizning 2022 yilgi Murojaatnomasida «…Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytiramiz. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tizim bizda hozirgacha bo‘lmagan. Lo‘nda aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratamiz», degan edi.

Mamlakatda iqtisodiy barqarorlikka erishish, qishloq xo‘jaligi, agrar, sanoat va fan va ta’lim sohalarini yanada rivojlantirish uchun bugun innovatsion texnologiyalar, ayniqsa, muhandislik sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, IT sohasi, texnika jabhalari va turli nou-xoular orqali mamlakat o‘z istiqbolli dasturlari hamda nazariyalarni shakllantirish bilan birga, tajribalarini amaliyotga keng joriy qilinishi istiqbollidir.

 

Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA