Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘cha bolalarining zaharlanishiga nima sabab bo‘ldi?
16:05 / 2025-10-10

Bugun Jizzax viloyatidagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish holati qayd etilgani haqida Forish tuman hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat berdi.

Unda qayd etilishicha, 2025 yil 9 oktyabr kuni Forish tumanidagi 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma, qorin og‘rig‘i va ich ketishi belgilari bilan tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. 

“Tekshiruvlar davomida bolalar 8 oktyabr kuni muassasada biokefir, sir va sariyog‘ mahsulotlarini iste’mol qilgani aniqlandi. Dastlabki tashxis o‘tkir diareya. Sanepidqo‘mitaning Jizzax viloyati boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, oziq-ovqatni tashish, saqlash va ishlov berishda sanitariya qoidalari buzilgan holatlar qayd etilgan. Holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi hokimlik axborot xizmati rasmiy munosabatida. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ham bu bo‘yicha bayonot berdi. Unga ko‘ra, 2025 yil 9 oktyabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi bir nechta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim tarbiyalanuvchilarida yengil noxushlik, haroratning ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va qisqa muddatli ovqat hazm qilish buzilishi belgilari kuzatilgan. Ularga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

“Hozirgi paytda barcha bolalarning ahvoli barqaror, sog‘lig‘iga xavf yo‘q. Hozirda faqat 2 nafar bola profilaktika maqsadida shifokorlar kuzatuvida qolmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noxushlik holati oziq-ovqat omillari bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Aniq sabab laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra belgilanadi. 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati mutaxassislari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va suvdan namuna olingan, tadqiqotlar olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirib, vaziyat tegishli xizmatlar tomonidan to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qiladi”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, Bolalar ombudsmani Jizzax viloyati Forish tumanida 1,3,5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha joyiga chiqqan tarzda monitoring o‘rganishini olib borayotgani ma’lum qilindi. 

Xabarda qayd etilishicha, o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA