Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish imkoniyati mavjud bo‘lgan 861 gektar bog‘ va tokzor mavjud. Har yili aholi ehtiyoji uchun sarxil uzum hosili yetishtirilmoqda. Shuningdek, qator oralarga sabzavot mahsulotlari ekib, barakali hosil yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan.
“Do‘rmon” mahallasida yashovchi Farhod Tangriyev ham aynan bog‘dorchilikda, tokzor parvarishida mirishkor bog‘bonlardan. Keyingi yillarda u oila a’zolari bilan bir gektar maydonda barpo qilgan tokzorni obod qilib, uzumning oq kishmish, toyfi, charos, chillaki kabi navlarni parvarishlab, har yilgi mavsumda mo‘l hosil olishga erishmoqda.

– Uzumchilik bizga ota meros. Toklar to‘g‘ri parvarish qilinsa, hosildorlik yildan-yilga oshib boraveradi. Parvarish vaqtidan kechikmasa, agrotexnik tadbirlar to‘la-to‘kis bajarilsa, tok kasallanmaydi. Shundanmi, o‘tgan yili bu tokzordan 70 million so‘m atrofida daromad qildik. Yana qishki mavsumda biror tonnaga yaqin mayiz tayyorlashga ham erishdik. Shu mehnatimiz orqasidan to‘ylar qildik, avtomashina oldik. Endilikda farzandlarimizni ham halol mehnat bilan daromad topishga o‘rgatmoqdamiz, – deydi Farhod Tangriyev.

Har kasbning o‘ziga yarasha zahmati bo‘lganidek, uzum yetishtirishning ham o‘z qiyinchilik va nozik tomonlari mavjud. El dasturxonini bezab turgan turli bog‘dorchilik mahsulotlarining ortida ana shunday fidoyilikka qurilgan mehnat mujassam. Shunday ekan, dehqon va bog‘bonlarning xirmoniga baraka yog‘ilaversin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.