Oxirgi vaqtlarda iqlim sharoitlari o‘zgarib, sovuq havo oqimlarining mevali bog‘lar va uzumzorlar hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotirlarni yuzaga keltirmoqda. Shuning uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari bog‘bonlar va fermerlarga sovuq ta’sirini kamaytirish hamda ekinlarni himoya qilish bo‘yicha bir qator agrotexnik choralarni o‘z vaqtida amalga oshirishni tavsiya etmoqda.
Sovuqqa qarshi samarali choralar
Eng avvalo, mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralarida sug‘orish ariqlari olinib, imkon qadar kam miqdorda suv oqizilishi kerak. Shuningdek, bog‘lar orasiga mahalliy o‘g‘it aralash poxol, shox-shabba yoki o‘t-u cho‘p to‘planib, ularni tutatish orqali havo harorati pasayganda tutun bilan bog‘ ichidagi mikroiqlimni yumshatish mumkin.
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, har bir gektar maydonga daraxtlar zichligidan kelib chiqib 100–200 ta tutun uymi tayyorlanadi. Ular shamol yo‘nalishiga qarab joylashtiriladi va havo harorati +1° ga tushishi bilan tutatish jarayoni boshlanadi. Bunda alangalanish emas, balki sekin tutab yonish muhimdir.
O‘g‘itlash — sovuqqa chidamlilikning kaliti
Mavsumiy sovuqlarga bardoshlilikni oshirishda mevali daraxtlarni o‘g‘itlash muhim omil hisoblanadi. Hosilli bog‘lar uchun har 2–3 yilda bir marta mahalliy go‘ng (gektariga 20–40 tonna), har yili esa mineral o‘g‘itlar (azot — 120 kg, fosfor — 90 kg, kaliy — 70 kg sof holda) solish tavsiya etiladi.
Tuproqning tarkibiga qarab, o‘g‘it miqdori 30–50 foizgacha oshiriladi. Ayniqsa, fosfor va kaliyni kuzgi shudgordan oldin berish, azotni esa bahorda, daraxt gullashidan 2–3 hafta oldin solish eng yaxshi natija beradi.
Kasalliklarning oldini olish chorasi
Erta bahorda, kurtaklar yozilishidan avval mevali daraxtlarga 3 foizli "bordo" suyuqligi purkaladi. Bu tadbir parsha, un-shudring, monilioz, klyasterosporioz kabi kasalliklarning oldini oladi. Dala sharoitiga qarab, bordo suyuqligining 1 foizli eritmasi yoki mis asosidagi boshqa preparatlar bilan qayta ishlov berish tavsiya etiladi.
Uzumzorlarda esa toklar ochilib, simbag‘azlarga ko‘tarilgach, qator oralar haydalib, tup atrofida 25–30 sm chuqurlikda yumshatish ishlari olib boriladi. So‘ng o‘simliklar o‘g‘it bilan oziqlantirilib, oidium, mildyu va boshqa kasalliklarga qarshi fungitsidlar bilan himoya qilinadi.
Qo‘shimcha himoya chorasi — stressga qarshi stimulyatorlar
Havo harorati keskin tushishi kutilayotgan davrlarda o‘simliklarga gumin, fulyvik va aminokislotalar asosidagi maxsus stimulyatorlar ( VL 77, ENTO GUMIN, IFO AMINOMAX, IFO GUMATE PLYUS, IFO LEO ) bilan ishlov berish o‘simliklarning sovuq stressidan tez chiqib ketishiga yordam beradi.
Bog‘bonlar uchun eng muhimi — sovuqlarni kutib o‘tirmasdan, oldindan tayyorlik ko‘rishdir. Har bir profilaktik tadbir daraxtlarni sovuqdan saqlab qolish bilan birga, kelgusi hosilning barqarorligi va sifatini ham ta’minlaydi.
Mutaxassislar, shuningdek, kutilayotgan sovuq ob-havoning ekinlarga salbiy ta’siri va bu borada dehqonlarni o‘ylantirayotgan savollarga ham atroflicha izoh berishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lFkDjfosTFY" title="Bog‘ va uzumzorlarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA