Bogʻistondagi yangi uylar eng namunali yashash manzili boʻladi
Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Chilonzor tumani Bogʻiston koʻchasida bunyod etilishi rejalashtirilgan koʻp qavatli uylarning qurilish maydoniga keldi.
Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Chilonzor tumani Bogʻiston koʻchasida bunyod etilishi rejalashtirilgan koʻp qavatli uylarning qurilish maydoniga keldi.
Bu yerda xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash yoʻlidagi islohotlarimizga hamohang 9 qavatli 23 ta uy quriladi. 1, 2, 3, 4 va 5 xonali, 900 xonadondan iborat bu uylar 2019 yilning 2-choragida topshirilishi rejalashtirilgan.
Sir emas, mamlakatimizda xalqimiz talab va istaklari inobatga olingan holda har tomonlama qulay, imtiyozli narxlarda arzon, sifatli uy-joylar qurilishi deyarli toʻxtab qolgandi. Atigi uch-toʻrt yil oldin poytaxtimizda, viloyatlar, tuman va shahar markazlarida, olis qishloqlarda oddiy aholi ham sotib olishga qurbi yetadigan uylar qurilishiga, kam taʼminlangan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga imtiyoz asosida, hatto tekin uylar berilishiga odamlar ishonmay qoʻygan edi.
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq ana shu gʻoyat ogʻriqli, hayotiy dolzarb muammoni hal qilishga bel bogʻladi.
2017 yildan keyingi 25-26 yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega boʻlgan koʻpqavatli uy-joylar qurilishi boshlandi. Shu yilning oʻzida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana shunday uy-joylar qurib foydalanishga topshirildi. Aholining arzon uylarga talabini qondirish uchun joriy yilda birgina qishloq joylarning oʻzida 3 mingdan ziyod yoki oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar koʻp arzon namunali uy-joy qurildi. Bu jarayon izchil davom etadi.
Bogʻistonda qurilishi boshlangan koʻp qavatli uylar ham ezgu maqsad bilan bunyod etilmoqda. Bu uylar milliy mentalitetimizga xos zamonaviy qurilish andozalari asosida qad rostlaydi.
Bu turar joy binolari zilzilabardoshligi, nogironlar uchun ham qoʻshimcha qulayliklarga egaligi bilan ajralib turadi. Koʻp qavatli uylar hovlisida bolalar maydonchalari, avtoturargoh, savdo markazi ham boʻladi. Koʻkalamzorlashtirish ishlariga eʼtibor qaratiladi.
Yangilik jihati shundaki, qurilishda Turkiyaning eng ilgʻor qurilish texnologiyasdan foydalanilayapti. Shu asosda 1 ta 9 qavatli uyni 5-6 oy ichida batamom bitirish mumkin. Anʼanaviy qurilishda esa bunga 2 yilcha vaqt sarflangan. Uylar sifatli beton, armatura va gʻishtdan barpo etilmoqda. Hozirda uylarning poydevori quyilgan.
Prezidentimiz yangi uylar poytaxtimizdagi eng namunali yashash manzillaridan biriga aylanishi kerakligini taʼkidladi.
Shu yerda Toshkent shahrida kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, kanallarni mukammal taʼmirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha loyihalar namoyish etildi.
Prezidentimiz poytaxtimizdagi kanallar atrofini obod saqlash, odamlar dam oladigan, bolalar choʻmiladigan soʻlim va xavfsiz hududlar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.