Bog‘da yangi sport inshooti
Poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida sport musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan «Jangoh» sport arenasi barpo etildi.
Poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida sport musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan «Jangoh» sport arenasi barpo etildi.
Mazkur inshootning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Mirzayev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Yurtimizning barcha hududlarida sport infratuzilmasi takomillashtirilmoqda, zamonaviy sport inshootlari barpo etilib, ular zarur inventarlar bilan ta’minlanmoqda. Sport inshootlarida yoshlarimiz o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib, har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 29-dekabrdagi «2011-2015-yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi «Jar» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi tomonidan Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida keng ko‘lamda qurilish, ta’mirlash, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, shahar aholisi va mehmonlarning dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda.
Bog‘ hududidagi turli attraksionlar, sport maydonchalari, milliy uslubda qurilgan «Tuproqqo‘rg‘on qal’asi», «Semurg‘» bolalar tomoshagohi, hayvonot burchagi va boshqa dam olish maskanlari qatoriga «Jangoh» sport arenasi qo‘shilgani bu boradagi ishlarning uzviy davomidir.
– Mazkur arena yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi, – deydi «Jar» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi boshlig‘i o‘rinbosari Zayniddin Ulug‘murodov. – Zamonaviy talablarga javob beradigan ushbu inshoot 1600 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va konsert dasturlarini o‘tkazish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud.
– Yetti yildan beri karate bilan shug‘ullanaman, – deydi Otabek Muhammadjonov. – Mazkur inshootning qurib, foydalanishga topshirilgani mamlakatimizda sportni rivojlantirish, biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tiborning yana bir amaliy samarasidir. Kelgusida bu yerda o‘tkaziladigan sport musobaqalari va chempionatlarda qatnashib, yuqori natijalarga erishishga harakat qilamiz.