O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida buyuk mutafakkir, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
«O‘zbek va xorijiy tillar» kafedrasi tomonidan tashkil etilgan Boburxonlik ilmiy-ma’rifiy kechasi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Tadbirda olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ustozlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Mazkur akademiyaning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev Bobur Mirzoning sinovlar, mashaqqatlarga to‘la o‘tgan hayot yo‘li, alloma shoir bobomizning asarlari haqida to‘xtaldi.

Tadbirda “Boburning ilmiy-adabiy merosi”, “Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida ilm-fan ma’lumotlari (Astronomiya misolida)”, “Zahiriddin Muhammad Boburning lingvistik merosi” hamda “Olamgir fatvolari” asarida qozilik mahkamasidagi masalalar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan Boburning go‘zal xulq-atvor egasi bo‘lgani, shijoat, halollik, vafodorlik, sabr-toqat, himmat, adolat, rahm-shafqat kabi hislatlarni o‘zida mujassam etgani, bu xislatlar uning ijodida ham o‘z ifodasini topgani qayd etildi.

Ma’rifiy kechada Akademiya magistrlari hamda talabalari ham o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashib, buyuk mutafakkir ijodining maftunkor qirralari, shoir she’riyatini o‘rganish va tadqiq etishdagi vazifalar xususidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.
Bobur asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilmoqda, sevib o‘qilmoqda. Bobur o‘z asarlarida adabiyot, falsafa, tarix, siyosatshunoslik, axloqshunoslik, tilshunoslik kabi sohalarni qamrab, komil inson tarbiyasi, vatanparvarlik, adolat, odob-axloq, lirik muhabbat mezonlarini yuksak cho‘qqiga ko‘targan.
Anjumanda buyuk bobokalonimizning asarlarini o‘qib-o‘rganish inson ma’naviy dunyosining boyishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir yakunida Maqom ansambli xonandalari tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Tadbirning badiiy qismida talabalar shoir ijodidan namunalar keltirib, g‘azallar o‘qishdi.
Mahoratli xonandalar tomonidan mutafakkir ijodiga oid g‘azallardan bastalangan qo‘shiqlar yangradi.
N.Usmonova, O‘zA