14-fevral — shoh va shoir, buyuk davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan sana munosabati bilan tumandagi ta’lim muassasasida “Boburxonlik” adabiy kechasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Bobur Mirzoning boy hayoti va serqirra ijodini keng targ‘ib etish, yoshlar qalbida ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Kecha avvalida maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari tomonidan Bobur Mirzoning davlatchilik va sarkarda sifatidagi faoliyati, uning Movarounnahrni birlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamda Hindistonda qudratli saltanat barpo etgani haqida atroflicha ma’lumot berdilar. Ta’kidlanganidek, Bobur 1526-yildan boshlab yangi sulolaga asos solib, keyinchalik qariyb uch asr hukm surgan Boburiylar davlatini barpo etgan.

Tadbir davomida Boburning adabiy merosi ham keng yoritildi. Xususan, uning jahon miqyosida mashhur bo‘lgan asari — “Boburnoma” nafaqat tarixiy solnoma, balki yuksak badiiy qimmatga ega asar ekani qayd etildi. Unda muallifning shaxsiy kechinmalari, davr voqealari, tabiat manzaralari va inson ruhiyati mahorat bilan tasvirlangan. Shuningdek, g‘azal va ruboiylari hamda “Mubayyin”, “Aruz risolasi” kabi asarlari uning nozikta’b shoir va qomusiy olim bo‘lganini namoyon etadi.

Kecha davomida o‘quvchilar tomonidan Bobur g‘azallaridan namunalar, ruboiylar, sahna ko‘rinishlari va kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Ayniqsa, Boburning hayoti va davlatchilik faoliyatiga bag‘ishlangan sahnaviy chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir so‘ngida so‘zga chiqqan mehmonlar bunday adabiy kechalar yoshlarni milliy qadriyatlar va buyuk ajdodlar merosi ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
– “Boburxonlik” kechasi shunchaki tadbir emas, – deydi 7-sonli umumta’lim maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jahongir Boymurodov. – Bu yosh avlodni tarix va adabiy merosga qiziqtirish, Bobur va Boburiylar davrida yaratilgan boy ma’naviy va madaniy merosni anglashga undaydigan ma’naviy va ta’limiy harakatdir.
G‘ulom Primov, O‘zA