Anjuman
Andijon davlat universitetida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Boburshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda yurtimiz va xorijlik boburshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallaridan o‘qish bilan ochib berdi va Boburning tavallud kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan anjuman va adabiyot bayrami bilan barchani muborakbod etdi.
Shundan so‘ng tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Isomiddin Ismonov, Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev mamlakatimizda keyingi yillarda xalqimizning boy madaniy merosi, ayniqsa, buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab allomalar tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining, xalqimiz ma’naviyati, madaniyatini yuksaltirishdagi o‘rni va roli nihoyatda muhim ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda yaponiyalik taniqli boburshunos olim, Bobur xalqaro jamoat fondi Yaponiya bo‘limi rahbari, professor Ejo Mononing videotabrigi namoyish etildi.
Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustamjon Mamasoliyev fond tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi rejalar xususida ma’lumotlar berdi.
Anjumanda, O‘zbekiston Milliy universiteti professori Hamidulla Boltaboyevning “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”ning o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi yangi nashri strukturasi, ilmiy yo‘nalishlari va lug‘at tuzilishi”, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madriamovning “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”da miniatyuralar sharhi”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hosiyat Bekmirzayevaning “Boburnoma”ning qirg‘iz tiliga tarjimasi xususida” mavzusidagi va boshqa qator olimlarning Bobur hayoti, ijodi va ijodiy merosini tadqiq etishga oid ma’ruzalari tinglandi.
– Zahiriddin Muhammad Boburning serqirra ijodi katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega, – deydi tadbir ishtirokchisi, boburshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Vahob Rahmonov. – Ayniqsa, uning shoh sifatida amalga oshirgan bunyodkorlik, ilm-ma’rifat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, shoir, ijodkor sifatida butun dunyoga ma’lum va mashhurligi, qolaversa, adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida juda ko‘p ma’lumotlar berish bilan birga, o‘sha davr yozma manbalarini o‘rganishimizda muhim ahamiyat kasb qiladi.
Anjumanda san’atkorlar tomonidan Bobur g‘azallaridan namunalar o‘qilib, qo‘shiqlar ijro etilgani tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Ilmiy anjumanning yalpi yig‘ilishi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, Bobur mirzo haqida yozilgan yangi kitoblar taqdimoti bilan yakunlandi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman “Boburnoma” – jahon adabiyotining nodir namunasi: asar tarixi, manbalari, tadqiqi”, “Boburnoma”ning ijtimoiy-siyosiy, harbiy, ilmiy-pedagogik qarashlari”, “Bobur asarlarining lingvopoetikasi, matn xususiyatlari va o‘qitish uslubiyati” hamda “Bobur hayoti va ijodining xorijiy tillardagi tadqiqi” yo‘nalishidagi sho‘’balar doirasida davom etdi.
Anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Eron, Misr, Hindiston davlatlarida faoliyat olib borayotgan boburshunos olimlar ham bevosita va onlayn ishtirok etib, Bobur hayoti ijodi, uning ijodiy merosini o‘rganish haqida fikrlar bildirdi.
[gallery-27662]
Boburshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari, yutuq va muammolari atroflicha muhokama etilgan, mazmunli va samarali o‘tgan mazkur anjuman Bobur ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.