Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boburshunoslikka oid kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
17:29 / 2026-02-17

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan “Boburnoma”ning qirg‘izcha tarjimasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga ko‘ra chop etilgan “Bobur asarlari lug‘ati” va “Turkiy boburshunoslik” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, tarjimon va muharrirlar, tadqiqotchi yoshlar va jurnalistlar, Qirg‘iziston elchixonasi vakillari, onlayn tarzda yurtimiz va xorijiy mamlakatlardan bir qancha olim va mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish  bo‘yicha ko‘plab ma’rifiy loyihalar faol amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.  

Tadbirda  “Boburnoma” asari dunyodagi 20 dan ortiq tilda, 40 dan ziyod variantda mavjud ekanligi, asar turkiy tillardan turk, ozarbayjon, uyg‘ur va qozoq tillariga tarjima qilingani, “Boburnoma”ning qirg‘iz tilidagi ushbu tarjimasi qirg‘izistonlik boburshunos olima, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Xosiyat Bekmirzayeva tomonidan amalga oshirilgani e’tirof etildi.  

Qirg‘izistonning “Ulu toolor” nashriyoti tomonidan chop etilgan ushbu tarjimaga bir guruh qirg‘iz va o‘zbek olimlari  muharrirlik qilgan. Xususan, olim va jurnalist To‘lanboy Qurbanov, qirg‘iz yozuvchisi Abibilla Pazilov adabiy tahrir ishlarini bajargan.  

Kitobga  Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi “Miras” jamg‘armasi boshqaruvi raisi, tarix fanlari nomzodi, professor Kiyas Moldoqosimov, qardosh yurt Milliy fanlar akademiyasining akademigi, A.Altmishbayev nomidagi Falsafa instituti direktori, falsafa fanlari doktori, professor Nur Saralayev, shuningdek, mazkur institut bo‘lim boshlig‘i, filologiya fanlari nomzodi, tarix fanlari doktori, professor Sulayman Qayipov ilmiy taqrizchi sifatida qatnashgan.  

“Boburnoma” asarining qirg‘izcha tarjimasiga Qirg‘iz Xalq yozuvchisi, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev kirish so‘zi yozgan. Tarjimaning nashrdan chiqishida filologiya fanlari doktori, boburshunos olim Shuhrat Hayitov mas’ul muharrirlik vazifasini bajargan hamda tarjimadan o‘rin olgan Bobur hayoti va faoliyatiga oid muhim ilmiy-tarixiy ma’lumotlar bo‘limini yozgan.  

Tarjima tahriri jarayonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinov, Bobur   nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov, adabiyotshunos olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov,  filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov va dotsent Dilafruz Muhammadiyeva ham  ishtirok etgani ta’kidlandi.  

Tadbirda  filologiya fanlari doktori, boburshunos Shuhrat Hayitovning “Turkiy boburshunoslik” monografiyasida Bobur ijodi yuzasidan xorijdagi, xususan, turkiy xalqlar adabiyotshunosligidagi manbalar tadqiq etilib, ularning ahamiyati ochib berilgani aytildi.  

Kitobda Bobur ijodining turkiy dunyo adabiyotida o‘rganilish davri va tadrijiy takomil bosqichlari tekshirilib, adib asarlarining qo‘lyozmalari hamda tarjimalariga oid ilmiy va nazariy xulosalar chiqarilgani,  shu asosida shoir hayoti va ijodining o‘rganilish tarixi, uning tadrijiy bosqichlari hamda asarlari badiiy tarjimasiga oid ishlar tahlil etilgani ta’kidlandi. Monografiyada “Boburnoma”, “Bobur devoni”, “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Aruz risolasi” hamda “Risolayi volidiyya” asarlarining turkiy tillardagi tarjimalari va ular yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar  tahlili amalga oshirilib, qiyoslash orqali har bir tarjimaning yutuq va kamchiliklari ko‘rsatilgani e’tirof etildi.  

Tadbir so‘ngida milliy kutubxonaga kitoblar sovg‘a qilindi.  

N.Usmonova, O‘zA