Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Boburnoma”ning Italyan tilidagi nashri taqdimoti
20:34 / 2023-07-15

Andijonda “Boburnoma” asarining italyan tilida chop etilgan nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilning 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida buyuk shoh va shoir Bobur mirzoning hayoti, faoliyati, ijodini yana ham chuqur va  keng o‘rganish, targ‘ib etish, uning ijodi va hayotiga oid yangi manbaalarni nashrdan chiqarish borasida  vazifalar belgilab berilgan.

Qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi asosida keng ko‘lamli va amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjima qilinib, chop etilishi ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondida bo‘lib o‘tgan taqdimot tadbirida  boburshunos, adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

[gallery-12797]

“Boburnoma”ning italyan tilidagi nashri Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyoti tomonidan nashr etildi.

Tadbirda kitobni chop etishga tayyorlashda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida katta hissa qo‘shganliklari alohida ta’kidlandi.  

“Boburnoma” asari Prezidentimizning so‘zboshisi hamda atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardinining kirish so‘zi bilan boshlanadi, - deydi “Bobur” xalqaro jamoat fondi rahbari Zokirjon Mashrabov. – Ayniqsa, so‘zboshida ulug‘ ajdodimiz Zahriddin Boburning Osiyo sivilizatsiyasi, jahon ilm-fani tamadduniga qo‘shgan hissasi, ilmiy-ijodiy merosining ahamiyati haqida muhim fikrlar bayon etilgan. Umuman, “Boburnoma” italyan tiliga tarjima qilinib, chop etilganligi qalbimizga faxr-iftixor tuyg‘usini soladi.

Shuningdek, tadbirda professor Hamidullo Boltaboyev, Andijon davlat universiteti rektori, professor Akromjon Yuldashev, adabiyotshunos olim Vahob Rahmon va boshqalar tomonidan asarning tarjimasi, kitobning bezatilishi, o‘ziga xos jihatlari haqida fikr va mulohazalar bildirildi.  

Taqdimot tadbirini zoom aloqasi orqali Ozarbayjon, Pokiston, Hindiston singari qator davlatlarning boburshunos olimlari ham kuzatib bordi.  

                                               F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (foto), O‘zA