Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur Valiyev: O‘zbekiston dunyo siyosatiga ta’sir qiluvchi mamlakat maqomiga ko‘tarildi
13:51 / 2026-02-19

Davlatimiz rahbarining Tinchlik kengashi birinchi sammitida ishtirok etish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari e’tirof etilayotganini anglatadi. Qolaversa, mazkur voqea O‘zbekiston – AQSH munosabatlarida yangi bosqich boshlanayotganidan ham darak bermoqda.

O‘zAning navbatdagi suhbatdoshi – Jamoat xavfsizligi universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Bobur Valiyev shu haqda mulohaza yuritadi.

Tinchlik kengashi ilk sammitida ta’sischi sifatida ishtirok etayotganimiz tarixiy voqelik. Zero, O‘zbekiston 20 dan ziyod mamlakat ichida dunyo, umuman, geosiyosiy manzarada birinchilardan bo‘lib AQSH tashabbusi bilan amalga oshayotgan yangi tuzilma shakllanishi jarayonida qatnashyapti.

Ma’lumki, yalpi ichki mahsuloti qariyb 30 trillion dollarlik AQSH dunyo iqtisodiyotining to‘rtdan bir qismiga egalik qiladi. Shunday ekan, mazkur davlat bilan strategik sheriklik rivoji Tinchlik kengashi misolida respublikamizning nafaqat mintaqa darajasida, balki global, xalqaro maydondagi eng muhim voqealar va jarayonlarga ta’sir qilish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 1 milliard dollarga yaqinlashgani ham Yangi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatida yangi sahifa ochdi.

Davlatimiz tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ustuvor ekanligi ma’lum. Markaziy Osiyoning besh mamlakati C5+ doirasida AQSH, Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi kabi iqtisodiy jihatdan qudratli mamlakat va mintaqalari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Avvallari  mintaqaviy tinchlik, Afg‘oniston kabi tor jarayonlar bilan cheklanilgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekiston xalqaro maydonda, xususan Yaqin Sharq va G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish, yuzaga kelgan vayronagarchilikni bartaraf etish bo‘yicha global darajada qabul qilinayotgan qarorlarda juda faol. Ya’ni, yurtimizning xalqaro darajadagi maqomi tobora oshib, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.

Dunyo manzarasiga e’tibor qaratsak, bir necha qaynoq nuqtalarda harbiy to‘qnashuvlar avj olgani, ayniqsa Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro gazak olib ketayotgani xalqaro maydonda yangicha bir tuzilma yaratish ehtiyojini kuchaytirdi.

Tinchlik kengashi, deb atalgan yangi tuzilmaning ilk sammiti aynan Yaqin Sharqda kelib chiqqan qurolli mojaro oqibatini bartaraf etish, hududda barqaror hayot, vayron bo‘lgan infratuzilma va uy-joy, umuman inson yashashi uchun zarur shart-sharoitni tiklash masalasiga qaratiladi.

Kengashga a’zo davlatlar soni 20 dan oshdi. O‘zbekiston shu yetakchi mamlakatlar qatori birinchi yig‘ilishda ishtirok etadi. Boshqacha aytganda biz Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha global darajada qaror qabul qilish orqali dunyo siyosatiga ta’sir qila oladigan mamlakat maqomiga ko‘tarildik, deyish mumkin.

Albatta bunday natijaga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. 2017-yildan boshlab O‘zbekiston pragmatik, ko‘p tomonlama tashqi siyosat doirasida ham siyosiy, ham iqtisodiy hamkorlikni tobora rivojlantiryapti. Zero, ko‘p tomonlama, muvozanatli manfaatni ta’minlagan holda, barcha mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishga intilish dunyo hamjamiyatida tinchlik barqarorlik, farovonlikka eltuvchi yagona yo‘l ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.