French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur shahrida rassomlar festivali o‘tkaziladi
15:10 / 2026-01-04

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 dekabrdagi “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marta, may oyida rassomlar festivali o‘tkazib boriladi.

– Davlatimiz rahbari o‘tgan yil aprel oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida, xususan, Bobur shahrida Andijon viloyatini kompleks rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Bobur shahrida rassomlar festivalini o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Rasuljon Ismanov. – Prezidentimiz ushbu tashabbusidan kelib chiqib, Hukumat qarori bilan joriy yildan boshlab Bobur shahrida rassomlar festivalini o‘tkazish belgilandi.

Ushbu festival yurtimiz rassomlari, ayniqsa, yosh iste’dodlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Andijon viloyat hokimligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligida o‘tkaziladigan festival tasviriy san’at sohasida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarni, xususan, iste’dodli rassomlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Shuningdek, festival xalqimizning boy ma’naviy merosi va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi asarlar yaratishga yo‘naltirish, turli yo‘nalishlarda ijod qilayotgan san’atkorlarning jahon san’at maydonida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishni maqsad qiladi.

Festivalda beshta – “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. 

Festival g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil (Chevrolet Onix yoki shu klassdagi boshqa avtomobil), diplom, festival ramziy haykalchasi va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

F. Ubaydullayev, O‘zA