O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligiga
Adirliklar bag‘rida barpo etilayotgan Bobur shahriga tashrif buyurgan har qanday kishi amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlaridan hayratlanadi. Keng, ravon yo‘llar, biri-biridan ko‘rkam ko‘p qavatli uylar, atrofi gullarga burkangan yo‘lakchalar, umuman, adirlik bag‘ri bo‘stonga aylanayotganligi har qanday odamning havasini keltiradi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga avvalgi yillardagi tashrifida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidlab, Andijon tumani adirliklarida 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘lgan turarjoy massivini qurish loyihasini amalga oshirishga tamal toshini qo‘ygan edi.
Prezidentimiz joriy yil aprel oyida viloyatga qilgan tashrifida esa dastlab Yangi Andijon shahri deb nomlangan ushbu massivni Bobur shahri deb atash taklifini berdi. Ushbu taklif keng jamoatchilik, butun andijonliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ayni kunda Bobur shahrini barpo etish borasidagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda.
Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 439 gektar maydonida 2 mingta ko‘p qavatli turarjoy, savdo maskanlari qad rostlaydi. Shuningdek, 223 gektarda xizmat ko‘rsatish, 1 ming 820 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 499 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi.
“Bobur shahri” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 5, 7 va 9 qavatli 192 ta ko‘p kvartiralik uy, 1 ming 680 o‘rinli umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 250 qatnovli poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi, qator, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishi belgilangan.
–Tasdiqlangan bosh rejaga asosan, 1- bosqichda 53,7 gektar yer maydoni tanlab olinib, qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda, – deydi viloyat hokimligining qurilish ishlari bo‘yicha mas’ul mutaxassisi Shohruhbek Sobirov. – Xususan, hozirga qadar 192 ta uyning qurilishi boshlanib, 82 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, 1- umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkiloti, poliklinika, ipoteka markazi, trikotaj fabrikasi, “Vatanparvar bog‘i”, “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, suv saqlash va uzatish inshooti, qator savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirildi.
Hududni tashqi muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi navbatdagi ishlar ham izchil olib borilmoqda. Jumladan, hozirga qadar hududga 18 kilometr uzunlikdagi elektr, 24 kilometr tabiiy gaz, 11,4 kilometr aloqa, 42 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilib, ishga tushirildi, 22,9 kilometr uzunlikdagi yo‘llar, ko‘p qavatli uy-joylarni isitish va issiq suv bilan ta’minlash uchun markaziy qozonxona barpo etildi.
Uy-joylar, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 33 milliard so‘mga teng loyiha doirasida sig‘imi 4 ming metr-kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshootining ishga tushirilganligi esa hududda ichimlik suvi masalasini to‘la hal etdi.
–Bobur shahridagi go‘zal manzarani ko‘rib, ko‘z quvnaydi, – deydi Bobur shahrida yashovchi Elyorbek Mamajonov. – Qolaversa, yashash uchun barcha qulaylik yaratilgan. Ochig‘i, keyingi yillarda yurtimizdagi, viloyatimizdagi o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan aqlim shoshib qolmoqda. Har qadamda o‘zgarish, yangi qurilish. Qisqa muddatda barpo etilayotgan bir-biridan chiroyli binolarni ko‘rib, shukr qilaman. Kundan-kunga obod bo‘layotgan yurtimizga ko‘z tegmasin.
Shahardagi qariyb 1 gektar maydonga va barcha qulayliklarga ega 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotida ayni kunda 200 nafardan ziyod bolajon tarbiyalanmoqda.
Joriy yilda hududda yana 34 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni kunlarda o‘nlab qurilish tashkilotlari tomonidan qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Andijon shahridagi “Sapfir sadaf servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan hududda bir nechta ko‘p qavatli uy barpo etildi.
–Ayni kunda quruvchilarimiz 2 va 3 xonali yana ikkita 7 qavatli uy qurmoqda, – deydi jamiyat rahbari Sherzod Mamadayev. – Qurilish ishlari belgilangan reja asosida bajarilmoqda. Shu kunlarda 100 nafardan ziyod mutaxassis va quruvchilarimiz ish olib bormoqda. Maxsus kran va boshqa texnika vositalardan foydalanilmoqda.
Hududdagi Ipoteka markazida davlat xizmatlari agentligi, banklar va boshqa xizmat ko‘rsatish tashkilotlari shoxobchalari, qurilish tashkilotlari ofislari joylashgan bo‘lib, yangi uy olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kredit ajratish va boshqa barcha turdagi xizmatlar shu yerning o‘zida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bobur shahrida “Yashil makon” loyihasi doirasida 35 gektar yer maydonida manzarali bog‘lar tashkil etilib, shu kungacha 25 turdagi 30 ming tupdan ziyod manzarali daraxtlar ekildi, sug‘orish tizimi bilan ta’minlandi.
Jumladan, 19 gektar maydonda barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga 10 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, kafeteriylar, bolalar o‘yingohi, dekorativ piyodalar yo‘laklari, sug‘orish, yoritish tizimlariga, avtoturargoh va boshqa kichik arxitektura inshootlariga ega bo‘lgan ushbu bog‘ Bobur shahrining ko‘rki bo‘ladi.
Mazkur boqqa balandligi 35 metrli Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi.
[gallery-24979]
Shuningdek, 5,5 gektar maydonda barpo etilgan “Vatanparvar” bog‘ining ramziy ma’nosi bor. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, o‘rnatilgan harbiy texnikalar muzeyi, konsert va tomosha maydonlari, Vatan ozodligi, tinchligi va himoyasi yo‘lida jon fido qilgan marhumlar xotirasiga hurmat sifatida o‘rnatilgan yodgorliklar har qanday kishining qalbida unutulmas taassurotlar qoldiradi.
Katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan Bobur shahri, shubhasiz, Andijonning eng ko‘rkam, eng obod hududlaridan biriga aylanadi.
Bobur shahrida ikkinchi bosqichda amalga oshiriladigan ishlar doirasida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda 105 gektar yer maydonida 80 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta mehmonxona, 94 ta kottej, 10 dan ortiq savdo maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, istirohat bog‘i qurilishi rejalashtirilgan. Hozir “ZHONGWU SILK ROAD URBAN” kompaniyasi tomonidan 4 ta 7 qavatli uyning qurilishi boshlangan.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari