Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi
Andijon mashhur adib va san’atkorlar, olimu ulamolar yurti, Zahiriddin Muhammad Boburdek buyuk ajdodimiz tug‘ilgan mo‘’tabar zamindir.
Yaponiyalik Eyji Mano, AQSHlik Uiller Tekston, turkiyalik Rashid Rahmati Arat, Sabohat Azimjonova, Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov singari yurtimiz va jahonning mashhur boburshunoslari o‘z asarlarida, qolaversa, “O‘zbek milliy ensiklopediyasi” hamda “Boburnoma”da Bobur Andijonda tug‘ilib o‘sganligi bayon etilgan. Chunki ularning zaminida tarixiy asarlarda qayd etilgan ma’lumotlar yotadi.
Biroq yillar davomida ayrim olim va qalamkashlarimiz “Bobur Axsida tug‘ilgan va Axsida taxtga chiqqan” degan fikr va da’volarni ilgari surayotganligi umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ular o‘z hatti-harakatlari bilan ilmda yolg‘onga yon bosayotganlari, “O‘zbek milliy ensiklopediyasi” ma’lumotlariga ishonchsizlik bilan qarayotganliklari, jahon va mamlakatimiz boburshunoslik ilmidagi haqiqatlarni poymol qilayotganliklari, eng yomoni, Boburning o‘z so‘zlari: “zodu budim-tug‘ilib o‘sgan shahrim Andijon”, degan fikrini inkor etayotganliklari achinarlidir.
Mumtoz adabiyotimizda “zodu bud” birikmasi ko‘p uchraydi. Uning lug‘aviy ma’nosi: tug‘ilib o‘sgan joy demakdir. “Boburnoma”da Amir Temurning tug‘ilib o‘sgan joyi – “zodu budi” Kesh (Shahrisabz) ekanligi yoziladi: “Temurbekning zodu budi Keshdin uchun, shahar va poytaxt qilurig‘a ko‘p sa’y va ehtimomlar qildi, oliy imoratlar Keshta bino qildi”(“Boburnoma”, “O‘qituvchi”, 2008,61-bet).
Endi Bobur zodu-budi xususida o‘zi “Boburnoma”da yozib o‘tgan: “Men Sulton Saidxong‘a bori navkarlarimni topshurib, ko‘mak qo‘shub, zodu-bud Andijon viloyatini bag‘ishlab, xon qilib yibordim” (“Boburnoma”, Toshkent, 2002, 151-bet).
Bobur podshohning o‘zi poytaxt xususida quyidagicha yozadi: “Farg‘ona viloyatining “Yetti pora qasabasi (shahar)bor:... Janubiy tarafidagi shaharlardan biri – Andijon Farg‘ona viloyatining poytaxtidir”(“Boburnoma”, “O‘qituvchi”, 2008, 29-bet).
Boburning xolavachchasi, Kashmirning o‘n bir yillik podshohi Muhammad Haydar mirzo “Tarixi Rashidiy” asarida ham Farg‘ona dorilmulk poytaxti Andijon ekanligini qayd etgan(“Tarixi Rashidiy”, “Sharq”, 2010, 228-bet).
Xalqimiz orasida ona yurtim, ota yurtim kabi iboralar ko‘p ishlatiladi. Bu iboralar “tug‘ilib o‘sgan shahrim, joyim” mazmunida anglanilishi hammamizga birdek ma’lum. Bobur ota viloyatim deb Andijon shahrini ta’kidlar ekan, ikki yil davomida Andijon uning qo‘lidan chiqqani va unga qayta ega bo‘lganidan Allohga shukronalar aytadi: “Ota viloyatim ikki yilga yaqinlashgan ediki, qo‘ldan chiqqan edi. Tangri inoyati bilan... 904 (1499) yili yana menga muyassar bo‘lib egallandi”. (“Boburnoma”, “O‘qituvchi”, 2008, 66-bet).
Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat “Boburnoma”da, balki devonida ham o‘zini andijonlik: “...g‘aribing...andijoniydur” deb ta’kidlaydi:
Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydur.
Hindiston shahanshohi Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zini o‘z she’rida andijonlik g‘arib deb aytishi andijoniy (andijonlik) Boburning o‘zi tug‘ilib-o‘sgan shahri ayrilig‘idan faryodi emasmi? Bunday gapni yozish uchun, bunday hissiyotni tuyish uchun albatta kishi Andijonda tug‘ilmog‘i, Vatan sog‘inchini tuymog‘i va Andijonni Boburday sevmog‘i lozim.
Boburshunoslikdagi katta ilmiy yutuqlarimizdan biri bu Rossiya Fanlar akademiyasi Tilshunoslik instituti bilan hamkorlikda tayyorlangan bibliografiya asaridir. Arabshunos olim Shokirxon Rustamxo‘jayev tomonidan nashrga tayyorlangan “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” kitobining “Zahiriddin Muhammad Boburning qayerda tavallud topgani va kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlar” qismida Boburning 1 ta manbada Qo‘qonda, 2 ta manbada Qoraqalpog‘istonda, yana 2 ta manbada Sharqda, 3 ta manbada O‘zbekistonda, 4 ta manbada Toshkentda, 5 ta manbada Axsida, 25 ta manbada Farg‘onada va 81 ta manbada Andijonda tug‘ilgan deb keltirilgan. Mana shu manbalar Boburning Andijonda tug‘ilganligiga yetarlicha dalil emasmi?! (“Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya”. Moskva, “Vostochnaya literatura”, 2016, 635-bet.).
Asosan, “Boburnoma”da keltirilgan ma’lumotlarda quyidagi tasvirlar yaqqol ko‘zga tashlanadi: Andijon tasviri, tabiati, bahori, qovun pishig‘i, tili va Navoiy asarlari tili haqidagi ma’lumotlar. Ma’lumki, til milliy koloritni ko‘rsatuvchi muhim vositalardan biri. Andijon tiliga diqqat qilgani, shuningdek, shaharlar tasviri aynan Andijonga nisbat holda tasvirlangani ham Boburning Andijonga bo‘lgan yuksak e’tirofi, mehri va ixlosini ko‘rsatadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini teran o‘rganish va ommalashtirish, xususan, boburshunoslik fanini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi barcha xayrli ishlar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Xususan, Prezidentimiz va hukumatimizning aynan buyuk siymolarga bo‘lgan e’tibori tufayli e’lon qilinayotgan qarorlar fikrimning yorqin dalilidir.
Ana shu qarorlar ijrosi doirasida, qolaversa, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi nizomida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, o‘tgan 2024 yilda salmoqli ishlar amalga oshirldi.
Dastlab Bobur siymosini abadiylashtirish maqsadida Andijon viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Bobur mirzo tavalludining 541 yilligi munosabati bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy-adabiy merosining O‘zbekiston Uchinchi Renessansi poydevorini yaratishda tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada Bobur nomli xalqaro jamoat fondi Vasiylik va Boshqaruv kengashi a’zolari, viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, respublikamizning taniqli boburshunos olimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘tgan yilning fevral oyida fond vakillari Moskva davlat lingvistika universitetining taklifiga binoan fond xodimlari “Zaxiriddin Muxammad Babur: Sar, poet, uchyonыy, nezaruryadnaya lichnost” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Prezidentimizning “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida Bobur mirzo ilmiy-adabiy merosini yagona tizimda mujassamlashtirish maqsadida Xalqaro boburshunoslik ilmiy elektron platformasi yaratildi.
Galdagi vazifamiz xalqaro boburshunoslik elektron platformasini jahon standartlari darajasida mukammaltirish va uning mobil ilovasini yaratishdan iborat.
O‘tgan yil mobaynida Bobur hayoti, faoliyati, ijodi hamda merosini targ‘ib etishga oid ellikka yaqin nasriy, nazmiy va tarjima asarlar, shuningdek, “Bobur ensiklopediyasi”ning nashr etilganligi fondimiz tomonidan olib borilgan ishlarning ijobiy samarasidir.
Barchangizga ma’lumki, Fond boshqaruv kengashi tashabbusi va moddiy homiyligi bilan mamlakatimiz va jahonning yetuk boburshunos olimlari ishtirokida 15 yildan buyon Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Mamlakatimizda ilk bor “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” yaratilib, bugungacha ikki marotaba nashr qilindi. Yaqin vaqt ichida ushbu qomusning o‘zbek tilidagi 3-nashri hamda uning ingliz va rus tillariga tarjimalari dunyo yuzini ko‘radi.
Davlatlar va millatlararo do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, o‘zaro ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishda fond bo‘limlari faoliyatining ham alohida o‘rni bor. Bu borada fondimizning Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston bo‘limlari faoliyati alohida e’tirofga munosib. Qolaversa, fondning Bangladesh bo‘limi ochilganligi ham ishlarimiz ko‘lami va samaradorligini yanada oshiradi.
Ma’lumki, hozirga qadar “Boburnoma” asari o‘ttizdan ortiq tillarda chop etildi. Turkman, qirg‘iz, polyak va venger tillarida ham nashrdan chiqishi kutilmoqda. Shu o‘rinda, fond O‘sh davlat universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolab, ayni paytda “Boburnoma”ning qirg‘iz tiliga tarjimasi borasida ish olib bormoqda.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi yil davomida amalga oshirgan ishlarni sarhisob qilib, ulug‘ ajdodlarimizdan qolgan ulkan ma’naviy merosni o‘rganish borasidagi ishlarni bundan buyon ham izchil davom ettirishni asosiy maqsad qilib oldi.
Zokirjon MASHRAPOV,
Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
O‘zA