Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazi anjumanlar zalida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan “So‘x — Bobur nigohida” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bunday anjumanlar nafaqat tarixiy sanaga bag‘ishlangan tadbir, balki millat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim ma’rifiy maydondir. Ayniqsa, Boburdek buyuk siymolarning hayoti va merosini chuqur o‘rganish bugungi avlod uchun ibrat maktabi ekani bilan ahamiyatlidir.

Anjumanda Turon fanlar akademiyasi olimlari, Hindiston, Tojikiston va Qirg‘iz respublikalari elchixonalari vakillari, Ichki ishlar vazirligi hamda matbuot va axborot sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning taqdir taqozosi bilan Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida 11 oy yashagani, shuningdek, So‘x haqida o‘zining mashhur “Boburnoma” asarida qimmatli ma’lumot va taassurotlarni qayd etganini ilmiy jihatdan yoritishdan iborat bo‘ldi.

Ushbu ma’lumotlar bugungi kunda So‘x tarixini o‘rganishda muhim o‘rta asr manbalaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA