Bobur Mirzo siymosi televideniyeda Maqsud Yusupov, Muhammadali Abduqunduzov kabi rejissyor va aktyorlar tufayli tomoshabin ongu shuurida «Boburnoma»dan olgan taassurotlarni oydinlashtirgan. Ammo Marg‘ilon musiqali maqom teatri dramaturg Nurillo Abbosxon asari asosida sahnalashtirgan «Bobur Mirzo»ni ko‘rgach, shox va shoir deb ta’rif beriladigan buyuk ajdodimiz siymosidagi yangi chizgilarni ko‘rasiz.
12 yoshli Boburning taxtga o‘tirishi, beklarning xiyonati, qochqinlik, Samarqand uchun janglardagi mag‘lubiyat, tog‘u toshlarda yalang oyoq kechgan iztirobli kunlar birin-ketin tomoshabinda bosh qahramon siymosini shakllantiradi. Ayniqsa qamalda qolgan Bobur uchun opasi Xonzodabegimni Shaybonixon talabi bilan jo‘natish sahnasi o‘ta ta’sirchan chiqqan. Onasi Qutlug‘nigorxonim Boburni ko‘ndirishga harakat qiladi. U rozi bo‘lmagach, Xonzodabegimning o‘zi ukasidan rizolik tilaydi. Chorasiz qolgan Boburning ohu-nolasi tomoshabinni larzaga soladi.
Shu tariqa Qobul, Hirot, Hindiston sahnalari ham tomoshabinda ishonchli tuyg‘u qoldiradi.
Yangi yilning dastlabki oyida Marg‘ilon musiqali maqom teatri Toshkent tomon safarga hozirlik ko‘rmoqda va mazkur spektaklni tomosha qilish imkoniyat poytaxtliklarda ham bo‘ladi.

Bobur siymosida shoirlik keyingi qatorga o‘tkazilib shohlik sifatlari ulug‘lanadi. Bu esa tomoshabin tasavvuridagi Bobur siymosiga yangi chiziqlar kiritadi.
Boburning bolaligi, ya’ni 12 yoshdagi taxtga o‘tirishi, sahnadagi voqeliklar orasida Shamshod Mamajonov ijrosidagi yosh shoh ishonchsizroq namoyon bo‘lgan. Ovozda qat’iylik, harakatda jur’at, aktyorlik mahorati yetishmaydi.
Uchinchidan, asarning eng katta yutug‘i – bosh qahramon Bobur, uning onasi, Qosimbek, Xonzodabegim ijrosidagi mukammallik, deyish mumkin.
Kuy, g‘azal, qo‘shiq ijrosi – bularning voqelik rivojiga qarab yaratish, munosib ovoz tanlash va qahramonlar harakatiga mutanosib ijro etish yuksak mahorat talab etadi.
Bastakor Ochilxon Matchonov maqom kuy-ashulalarni shu qadar aniqlik va ruhiy ifoda mezonlarida topa olganki, tomoshabin sahnadagi aktyorlar, hofizu sozandalar ijrosidagi sehrli ovoz, harakatga mahliyo bo‘ladi. O‘zini o‘sha davr ichida tasavvur qiladi.
Muhammadjon Obidov