Buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur merosi bugun yangi ilmiy va adabiy bosqichga ko‘tarilmoqda. Bobur asarlarining turkiy dunyoda keng tarqalishi, ularni zamonaviy ilmiy asosda o‘rganish va ommalashtirish yo‘lida uch muhim nashr – “Baburnaama”ning qirg‘iz tilidagi tarjimasi, “Turkiy Boburshunoslik” yo‘nalishidagi tadqiqotlar hamda “Bobur asarlari lug‘ati” chop etilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
“Boburnoma” bugungi kunda dunyoning 20 dan ortiq tilida, 40 dan ziyod variantda mavjud. Asar ilgari turk, ozarbayjon, uyg‘ur va qozoq tillariga tarjima qilingan bo‘lsa, endilikda u qirg‘iz kitobxonlariga ham ona tilida taqdim etildi.
Asar qirg‘iz tiliga qirg‘izistonlik boburshunos olima, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Xosiyat Bekmirzayeva tomonidan tarjima qilindi. Kitob Qirg‘izistonning “Ulu toolor” nashriyotida chop etildi.
Tarjima jarayonida qirg‘iz va o‘zbek olimlarining keng hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, olim va jurnalist To‘lanboy Qurbonov hamda qirg‘iz yozuvchisi Abibilla Pazыlov adabiy tahrirni amalga oshirdi. Ilmiy taqrizchilar sifatida professor Kiyas Moldoqosimov, akademik Nur Saralayev va professor Sulaymon Qayipov ishtirok etdi.
Qirg‘iz xalq yozuvchisi, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev kitobga kirish so‘zi yozgan bo‘lsa, filologiya fanlari doktori, boburshunos olim Shuhrat Hayitov mas’ul muharrir sifatida faoliyat olib bordi va Bobur hayoti hamda faoliyatiga oid muhim ilmiy-tarixiy ma’lumotlar bo‘limini tayyorladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov, “Bobur” xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov, adabiyotshunos olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov, professor Maqsud Asadov va dotsent Dilafruz Muhammadiyeva tarjima tahriri jarayonida ishtirok etdi.
Mazkur tarjima nafaqat adabiy hodisa, balki turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy yaqinlikning yorqin namunasidir. “Baburnaama”ning qirg‘iz tilida nashr etilishi Bobur merosining turkiy tafakkur makonidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Bobur merosining turkiy dunyo miqyosida o‘rganilishi endilikda alohida ilmiy yo‘nalish – turkiy boburshunoslik sifatida shakllanib bormoqda. Qardosh mamlakatlar olimlarining hamkorlikdagi izlanishlari Bobur asarlarini qiyosiy-tarixiy, lingvistik va adabiy jihatdan chuqur tahlil qilish imkonini bermoqda.
Qirg‘iz tilidagi “Baburnaama” nashri aynan shu ilmiy yo‘nalishning amaliy natijasidir. Ushbu jarayon turkiy xalqlar adabiy merosining mushtarak ildizlarini ochib berish, tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda Bobur shaxsini umumturkiy tafakkur doirasida qayta talqin qilishga xizmat qiladi.
“Turkiy boburshunoslik” doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar nafaqat matnshunoslik va tarjimashunoslikni, balki tarix, falsafa, tilshunoslik va madaniyatshunoslik sohalarini ham qamrab olmoqda. Bu esa Bobur merosini qomusiy yondashuv asosida o‘rganish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq chop etilgan “Bobur asarlari lug‘ati” boburshunoslikda muhim ilmiy voqea bo‘ldi. Mazkur lug‘atda “Boburnoma”, “Bobur devoni” va “Mubayyin” asarlaridagi so‘zlar izohi berilgan.
Lug‘at O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida nashr qilindi va Bobur tavalludining 543 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Ushbu lug‘at Bobur asarlarining asosiy so‘z boyligini qamrab olgan bo‘lib, zamonaviy lug‘atshunoslik tamoyillari hamda tarixiy-filologik tahlil asosida tuzilgan. Unda avvalgi lug‘atlarda qayd etilmagan so‘z va iboralar kiritilgan, ayrim izohlarga aniqlik kiritilgan.
Mazkur nashr ilmiy xodimlar, filologiya fakultetlari professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, Bobur ijodining keng kitobxonlari uchun mo‘ljallangan.
“Baburnaama”ning qirg‘iz tilida nashr etilishi, turkiy boburshunoslik yo‘nalishining kengayishi va “Bobur asarlari lug‘ati” chop etilishining barchasi Bobur merosining yangi davrda yanada chuqurroq o‘rganilayotganidan dalolat beradi.
Bu nashrlar nafaqat adabiy merosni asrash, balki turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash, Bobur siymosini umumjahon tafakkur makonida yanada kengroq namoyon etishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA