Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida buyuk sarkarda, davlat arbobi va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti hamda ijodiy merosiga bag‘ishlangan “Bobur merosi — ma’naviy xazina” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Bobur merosining tarixiy ahamiyati, uning adabiyot va davlat boshqaruvidagi beqiyos o‘rni, shuningdek, ajdodlar merosini o‘rganishning bugungi yoshlar tarbiyasidagi muhim jihatlari yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbir ishtirokchilariga Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etilib, yoshlar qalbida vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari va kursantlar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari hamda Akademiya Madaniyat markazi ijodkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Qayd etilganidek, mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir kursantlarning tarixiy bilimlarini kengaytirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini oshirish hamda buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan hurmatini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA