Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur merosi jahon olimlari nigohida
22:45 / 2024-05-15

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda yurtimizdagi boburshunos olimlar, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari professor-o‘qituvchilari bilan birga Misr, Ozarbayjon, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan taniqli adabiyotshunos hamda tarixchi olimlar, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi vakillari bevosita va onlayn ishtirok etdi.

Anjumanning yalpi majlisida boburshunos olimlar – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmonov, O‘zbekiston Milliy universiteti professori Hamidulla Boltaboyev, Samarqand davlat universiteti professori Jo‘liboy Eltazarov va boshqalar Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy merosi, uni o‘rganish va tadqiq etish borasida keyingi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar haqida so‘z yuritdi. Ulug‘ ajdodimizning merosini o‘rganish nafaqat adabiyot, balki tarix, geografiya va boshqa fanlar bo‘yicha muhim ma’lumot va tarixiy faktlarga ega bo‘lish imkonini berishini ta’kidladi.

– Zahiriddin Muhammad Bobur bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi – deydi Samarqand davlat universiteti mumtoz adabiyot kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Isroil Sulaymonov. – Uning birgina “Boburnoma” asari haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik durdonalaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir. Shu sababli bu asar dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy- tadqiqot institutlari o‘rganilmoqda, turli tillarga nashr etilmoqda. Bugungi xalqaro anjumanga taqdim etilgan bir qator xorijlik olimlarning ma’ruzalarida bu boradagi ilmiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Yalpi majlisdan so‘ng anjuman “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davri adabiyoti”, “Boburnoma”ning jahoniy o‘rni va shuhrati”, “Zahiriddin Muhammad Bobur: til, uslub va tarjima”, “Zahiriddin Muhammad Bobur va zamonaviy adabiyot”, “Zahiriddin Muhammad Boburning tarix, etnografiya, davlatchilik va huquq masalalariga doir qarashlari”, “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davrida geografiya, ekologiya, ta’lim va tarbiya” mavzularidagi yetti shu’bada davom etdi. Bu majlislarda 80 ga yaqin olim va tadqiqotchining ma’ruzalari tinglandi. 

Jumladan, “Boburnoma” nashrlari, Boburning yangi topilgan “Taqti’” risolasi, Boburshoh va boburiylar davrini aks ettirgan turk adiblarining tazkiralari, Zahiriddin Muhammad Boburning geografik merosi yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiyada taqdim etilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati xususida ilmiy-nazariy xulosalar jamlandi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri