Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur merosi – Andijon va Lahorni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik
21:44 / 2026-01-28

Jahon xaritasida bir-biridan uzoq joylashgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning Andijoni va Pokistonning Lahorini asrlar qa’ridan kelayotgan umumiy tarixiy xotira, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’naviy ildiz bog‘lab turadi. Bu rishta Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati, bobomizning davlatchilik faoliyati, adabiy merosi va barpo etgan sivilizatsiya markazi hosilasidir. Bugun Bobur merosi shunchaki tarixiy qadriyat emas, balki O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi insonparvarlikka yo‘g‘rilgan muloqotni mustahkamlovchi muhim vositaga aylanmoqda.

Andijon – Boburni yetishtirgan zamin

1483 yil 14 fevral kuni Andijon shahrida tug‘ilgan Zahiriddin Muhammad Bobur Temuriylar sulolasi vorisi sifatida yoshligidan ziyoli muhitda tarbiyalangan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Bobur 12 yoshida Andijon taxtiga chiqqan va qisqa fursatda siyosiy voqelikni chuqur anglaydigan, zukko, bilimli hukmdor o‘laroq namoyon bo‘lgan.

Ma’lumki, “Boburnoma” o‘sha davr shaharlarini nafaqat manzil-makon, balki jonli ijtimoiy-ma’naviy muhit sifatida tasvirlaydi. Asarda zamon xususiyati, bozorlar, xalq turmush tarzi, urf-odat va an’analar, hatto o‘simlik dunyosigacha aniq tavsiflangan bo‘lib, bugun ham jahon tarixshunosligida XV-XVI asrlar uchun eng ishonchli yozma manbalardan biri sifatida e’tirof etiladi.

O‘zbekistonda Bobur merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib etishga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Andijon shahrida barpo etilgan ulug‘ ajdodimiz nomi bilan ataluvchi milliy bog‘da turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Mamlakatimizda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan uning nomidagi xalqaro jamoat fondi olimlar va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, Boburning hayoti va ijodini chuqur o‘rganish, merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Har yili shoh-shoir bobomiz tavalludi munosabati bilan xalqaro darajada tashkil qilinadigan ilmiy-amaliy anjumanlarda mahalliy va xorijiy vakillar ishtirok etadi. Shu bilan birga Bobur asarlari muntazam ravishda qayta nashr qilinib, keng kitobxonlar ommasiga yetkazilmoqda.

Lahor – Boburiylar sivilizatsiyasi ramzi

Bobur 1526 yil Panipat jangida g‘alaba qozonib, Hindiston yarim orolida Boburiylar davlatiga asos solgan. Qariyb uch asr davomida bu sulola mintaqa taraqqiyotida beqiyos ahamiyat kasb etgan ulkan siyosiy, madaniy va ma’naviy tarix yaratdi. Boburiylar davrida ilm-fan, me’morchilik, adabiyot va davlatchilik an’analari yuksak ravnaq topdi.

Xususan, Lahor ayniqsa shu davrda yirik siyosiy markazga aylangan. Bugungacha saqlanib qolgan Lahor qal’asi, Badshohi masjidi, Shalimar bog‘i kabi me’moriy majmualar Boburiylar davrining noyob namunasi sifatida YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu yodgorliklar Pokistonning tarixiy o‘zligini belgilab beruvchi muhim ramzlar hisoblanadi.

Pokiston ilmiy va madaniy doiralari o‘sha davrni, Bobur shaxsini davlatchilik tarixining ajralmas qismi, deb bilishadi. U sarkarda va hukmdorgina emas, balki ilm, adabiyot va madaniyat homiysi sifatida qadrlanadi. Pokiston oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalarida Bobur va Boburiylar tarixi bo‘yicha maxsus tadqiqotlar olib boriladi, “Boburnoma” asari ilmiy manba sifatida o‘rganiladi.

Bobomiz merosi – ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari, ayniqsa gumanitar sohada, izchil rivojlanmoqda. Bu jarayonda Bobur merosi xalqlar aro tabiiy ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

Jumladan Toshkent, Andijon va Lahor shaharlarida o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar, davra suhbatlari ellarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tarixiy turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega Andijon – Kobul –Lahor yo‘nalishi nafaqat davlatlarimizga iqtisodiy foyda keltiradi, balki oddiy odamlarni ma’naviy yaqinlashuviga ham xizmat qiladi.

Umuman, Bobur shaxsiyati zamonaviy talqinda shunchaki tarixiy shaxs emas. Bugun u davlatchilik madaniyati, ilm va ma’rifatga ehtirom, madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglik timsoli sifatida qayta kashf etilmoqda. Shu jihatdan Boburning o‘ziga xos, boy merosi xalqaro madaniy siyosatimizni ham targ‘ib etadigan muhim vositadir.

Andijon va Lahor o‘rtasidagi ma’naviy bog‘lama tasodifiy emas va asrlar davomida shakllangan umumiy tarixiy xotiraga tayanadi. Xususan, Bobur merosi bugun ham xalqlarni yaqinlashtirish, o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Oradagi masofa nechog‘li uzoq bo‘lmasin, tarix va ma’naviyat ellarni mudom bog‘lab turadigan barqaror ko‘prik ekani Bobur shaxsiyati misolida yana bir bor namoyon bo‘lmoqda.

Dilshod Hamza o‘g‘li, O‘zA