Andijon shahridagi harbiy qismda “Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” ko‘rik-tanlovining Sharqiy harbiy okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu bellashuv shoh va shoir, buyuk sarkarda Z.M. Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Tanlovning asosiy maqsadi harbiylar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda Boburning harbiy mahorati va ijodini chuqur o‘rganishdan iborat edi. Bellashuvda Sharqiy harbiy okrugdagi harbiy qismlardan saralangan 9 jamoa ishtirok etdi. Qatnashchilar buyuk sarkardaning davlat tashkil etishdagi strategik yondashuvlari, amalga oshirgan islohotlari va qo‘shinni boshqarish mahorati bo‘yicha savol-javoblarda o‘z bilim hamda mahoratlarini namoyish etdi. Shuningdek, ular Boburning ijodi bilan bog‘liq savollarga ham javob berdi.

Tadbirning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, tarixiy va madaniy merosni o‘rganishni rag‘batlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Andijon shahridagi harbiy qismning “Bobur izdoshlari” jamoasi g‘olib chiqib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismning “Desantchilar”, uchinchi o‘ringa esa “Artilleriyachilar” jamoalari sazovor bo‘ldi.


Tanlovning g‘olib va sovrindorlari okrug qo‘mondonligining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Tanlov doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari