Respublikamizning barcha hududlarida, ilm dargohlarida keng nishonlanayotgani kabi Guliston Davlat Universitetida buyuk sarkarda, iste’dodli shoir va mutafakkir, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov ochib berdi:

– Bobur nafaqat qudratli sarkarda, balki chuqur bilim

va yuksak ma’naviyat sohibi sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Uning hayoti va faoliyati yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Ayniqsa, “Boburnoma” Bobur qalamiga mansub shoh asar bo‘lib, u nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki jahon adabiyoti va manbashunosligida ham muhim va noyob yodgorlik sifatida e’tirof etiladi. Eski o‘zbek (chig‘atoy) tilida yozilgan ushbu asar “Boburiya”, “Voqeanoma”, “Tuzuki Boburiy”, “Tabaqoti Boburiy”, “Tavorixi Boburiy” kabi nomlar bilan ham ma’lum. Asarda muallif hayoti, siyosiy kurashlar, tarixiy voqealar, geografik ma’lumotlar va davr muhiti jonli hamda samimiy uslubda bayon etilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.


Shuningdek, u Boburning davlat boshqaruvidagi islohotlari, strategik fikrlashi va adolatli siyosat yuritish tamoyillari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini alohida qayd etdi. Uning fikricha, Bobur faoliyatida ilm-fan, adabiyot va davlatchilik an’analari uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Tadbir davomida Bobur she’riyatining mazmun-mohiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Uning lirik merosida axloqiy poklik, insonparvarlik, vatanparvarlik va adolat g‘oyalari chuqur ifoda etilgani misollar asosida yoritib berildi. Manbalarga ko‘ra, Bobur she’rlarining umumiy soni 400 dan ortiq bo‘lib, shulardan 119 tasi g‘azal, 231 tasi ruboiydan iborat. Shuningdek, u tuyuq, qit’a, fard va masnaviy janrlarida ham yetuk asarlar yaratgan. Uning ijodi soddalik, samimiyat va yuksak badiiy mahorat bilan ajralib turadi.
Tadbir doirasida talabalar tomonidan Bobur ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. G‘azal va ruboiylar ifodali o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Bu chiqishlar orqali yoshlar Bobur merosiga bo‘lgan yuksak hurmat va sadoqatlarini namoyon etishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri