Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur ijodi o‘quvchilar talqinida
12:41 / 2021-02-14

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan e’lon qilingan “Bobur she’riyatida muhabbat talqini”, “Bobur – men sevgan shoir” mavzularida maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Yurtimizda fevral oyida ikki buyuk daho – Hazrat Mir Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud ayyomlari keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan joylarda ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy kechalar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi.

Unda ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni asrab avaylash va ularni qunt bilan o‘qib-o‘rganish muhim ekanligi alohida qayd etilib, Bobur she’riyati mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

– Bobur asarlari samimiy, ravon o‘qiladi, – deydi jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – Ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzulari asarlarining asosiy mavzusi. Uning g‘azal va ruboiylarida, tuyuq va masnaviylarida ma’shuqaning maftunkor go‘zalligi, beqiyos husnu latofati, sharqona odobu axloqi, nozu karashmasi yengil va o‘ynoqi, musiqiy va ravon misralarda katta mahorat bilan tarannum etiladi. U ruboiy janrini turk adabiyotida dunyoga olib chiqqan shoirdir.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovi ham e’lon qilingan edi.

Tadbirda tanlovlar g‘olib va sovrindorlari ma’lum qilindi. “Bobur she’riyatida muhabbat talqini” mavzusida o‘tkazilgan tanlovda 1-o‘rinni Amirxon Eshonqulov, “Bobur – men sevgan shoir” mavzusidagi tanlovda esa Shahnoza Rajabova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Tadbir davomida insholar tanlovi g‘oliblari va faol ishtirok etgan o‘quvchilarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining Diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan tomoshalar, ular tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, shoir g‘azallaridan o‘qilgan namunalar barchada katta taassurot qoldirdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA