French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur ijodi olimlar nigohida
17:35 / 2024-02-08

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fakulteti tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi va asarlarining tarjimalari xususida” nomli ilmiy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi.

Tadbirda boburshunos olimlar, adabiyot muxlislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida Zahiriddin Muhammad Bobur betakror ilmiy-ma’naviy meros sohibi bo‘lgani, yoshlarga bu merosni keng va atroflicha tushuntirish olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, adabiyot sohasi vakillari, pedagoglar zimmasida ekani alohida ta’kidlandi. 

Shuni ham alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2023 yilda mamlakatimizda Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlandi. Yurtimizda Boburning zahmatlar, sinov va mashaqqatlarga, ziddiyatlarga to‘la hayoti, nafosatga yo‘g‘rilgan ijodini o‘rganish, bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borish, kitoblar chop etish, boburshunos olimlar o‘rtasida ma’rifiy muloqotlar qamrovini kengaytirish yuzasidan ilgari misli ko‘rilmagan tashabbuslarga qo‘l urildi. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, Zahiriddin Muhammad Bobur nainki yirik adib, buyuk tarixchi, ulkan olim, balki buyuk shoh va sarkarda ham edi. U bosib o‘tgan qisqa, ammo sermazmun va sertashvish, shonli umr yo‘li ko‘plab tarixchilar, adabiyotshunos va siyosatshunoslar tomonidan o‘rganilmoqda. 

Bu boradagi izlanishlar natijasi o‘laroq Sh.Rustamxo‘jayevning besh jildlik “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar“ nomli qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami va “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar“ nomli bibliografiyasi, Z.Teshaboyevaning “Boburnoma”dagi frazeologik birliklarning o‘zbekcha-ruscha-inglizcha lug‘ati, S.Shodmonovaning ““Boburnoma”ning inglizcha tarjimalarida o‘lchov birliklarning lisoniy tadqiqi” nomli monografiyasi, bir guruh boburshunos olimlar tomonidan “Bobur ensiklopediyasi” va boshqa ko‘plab asarlar va ilmiy tadqiqot ishlari yaratildi. Bu boradagi ilmiy-ma’rifiy ishlar bugun ham izchil davom etmoqda. 

Anjumanda Zahiriddin Muhammad Bobur merosining dolzarbligi, uning jahon olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotgani yuzasidan ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi. 

N.Usmonova, O‘zA