FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat universitetida buyuk shoir, davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Boburning o‘zbek mumtoz adabiyoti, milliy davlatchilik va jahon madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida e’tirof etildi. Uning sermazmun va ibratli hayot yo‘li, murakkab taqdiri, siyosiy faoliyati hamda boy adabiy merosi haqida mazmunli ma’ruzalar tinglandi. Xususan, “Boburnoma” asarining tarixiy va badiiy ahamiyati, shoir g‘azal va ruboiylarida aks etgan Vatanga muhabbat, sadoqat, mardlik va insonparvarlik g‘oyalari keng yoritildi.
Shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari hamda musiqiy dasturlar namoyish etildi. Bobur g‘azallari ifodali o‘qildi, ruboiylari musiqiy jo‘rlikda ijro etildi. Sahna ko‘rinishlari orqali uning yoshlik yillari, ilmga bo‘lgan intilishi va Vatan yo‘lidagi jasorati ta’sirchan tarzda namoyon etildi.
[gallery-27678]
Mazkur tadbir universitetda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida talaba-yoshlarning milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosimizga hurmat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA