Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur hayoti va faoliyati – vatanparvarlik namunasi
14:58 / 2026-02-14

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida buyuk sarkarda, davlat va jamoat arbobi, shoir bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjuman “Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati – vatanparvarlik namunasi” mavzusida bo‘lib, unga yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, harbiylar, talaba-yoshlar taklif etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Ikromjon Mahmudov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Rustam Musurmon, Yozuvchilar uyushmasining harbiy -vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Zohidova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Bobur Bobomurod va boshqalar buyuk shoir bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning sinovlarga to‘la hayoti, ibratli insoniy fazilatlari, bebaho ijodi xususida batafsil to‘xtaldi. 

Anjumanda Bobur Vatan taqdiri uchun kurashgan shoh va mohir sarkarda, sadoqat, mardlik, jasorat timsoliga aylangan, eng og‘ir sinovlarga ham bo‘yin egmagan ulug‘ siymo ekani alohida e’tirof etildi. Mamlakatimizda ham Boburning hayot yo‘li, faoliyati, ulug‘ sarkardalik salohiyati, benazir ijodini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

- Fevral oyi ma’naviyat, adabiyot oyi sifatida o‘tkazilib, oylik doirasida nainki mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarda ham Navoiy va Bobur bobolarimiz ijodiga bag‘ishlangan anjumanlar, adabiy nashrlar taqdimoti o‘tkazilmoqda, - dedi taniqli adiba, Yozuvchilar uyushmasining harbiy-vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Zohidova. – O‘zbekiston xalq yozuvchilari Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonning Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan asarlari bor. Ularda Boburning umri nechog‘li zahmatlarda kechgani, iztiroblari, shaxsiyati, insoniy fazilatlari, bebaho ijodining mohiyati teran bayon etilgan. Bu manbalarni o‘qib, o‘rganish Bobur qirralarini ochish imkonini beradi. 

– “Boburnoma” asari davlatchilik, Bobur bosib o‘tgan yo‘llar haqida to‘laqonli ma’lumot berishi bilan birga, geografiya, ellar tarixi, qadimiy an’ana va qadriyatlar, tabiat, inson fe’l-atvori haqida ham qiziqarli ma’lumot beruvchi qimmatli manbadir, - dedi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rustam Musurmon. – Go‘zal she’riyatida ham Boburning dunyoqarashi, hayotiy prinsiplari, insoniy fazilatlari yaqqol gavdalanadi. Shu bois yoshlarimiz Bobur asarlarini tobora ko‘proq o‘qib, o‘rganishlari kerak, deb o‘ylayman. 

Tadbirda Bobur ijodi, sinovlarga to‘la hayoti xususida batafsil so‘z yuritildi. Talaba-yoshlarning teatrlashtirilgan, harbiy dasturi anjuman ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. 

Ishtirokchilar Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga gullar qo‘ydi. Shoir bobokalonimiz tavallud sanasiga bag‘ishlangan adabiy anjumanlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. 

Nazokat Usmonova, O‘zA