Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur haqidagi hujjatli film keng jamoatchilikka namoyish etildi
10:07 / 2021-09-07

Adiblar xiyobonida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Yo‘lbars izidan. Zahiriddin Muhammad Bobur» hujjatli filmining premerasi o‘tkazildi.

 Primera oldidan Kinematografiya agentligi, Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida «Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati – vatanparvarlik namunasi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.  

 Tadbirda Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar, sahna ko‘rinishlari, g‘azallar va she’riy parchalar o‘qildi. Institut kursantlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.  

 Shundan so‘ng Kinematografiya agentligi va Jamoat xavfsizligi universiteti buyurtmasiga binoan “Sintez film” studiyasi tomonidan suratga olingan «Yo‘lbars izidan. Zahiriddin Muhammad Bobur» hujjatli filmi namoyish etildi.  

 Film bir yil mobaynida suratga olingan bo‘lib, ijodiy jamoa Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini yaxshi o‘rganishga harakat qilgan. Ssenariy ishi, rejissyorlik mahoratini kinoshunoslar yuqori baholamoqda.  

 - Zahiriddin Muhammad Bobur jasoratli shaxs, - deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Jumaboy Rahimov. - Uning tengsiz jasorati, ilmi va ma’rifati o‘rnak olsa arzigulik darajada. U tengi salohiyat egalari dunyoda barmoq bilan sanarli. Bobur haqida filmlar, seriallar yaratilishini xohlardim. Bu hujjatli film ana shu savobli ishlarga debocha bo‘lib xizmat qilsin. Bugun ana shu zamonlar keldi. Tarixiy siymolarimizni boricha gavdalantirishimiz, kelajak avlodga o‘z holicha yetkazishimiz kerak.  

 Kartinada mashhur yulduzlarni jalb qilinmasdan, yangi va iste’dodli ijodkorlar bilan yaxshi ishlashga harakat qilingan.  

 - Hujjatli filmda bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning yoshligini ijro etdim –deydi aktyor Daler Temurov. - Bu menga katta mas’uliyat yuklashi barobarida tarixiy siymolarni ijro etish ko‘nikmasini paydo qildi. Bobur haqida ko‘p narsalarni bilib oldim. Kartina yoshlarga faxr va iftixor bag‘ishlaydi, Bobur shaxsiyatini yaqindan tanishga yordam beradi.  

 Mazkur kinokartina «Xalq yuragi» nomi ostida suratga olingan turkum filmlardan biri. Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Bobur Sher o‘g‘li, postanovkachi operator Diyor Ismatov, postanovkachi rassom San’at Kenjayev, prodyuser Xurshid Alixo‘jayev. Kartinada Ilhom Berdiyev, Ilmira Rahimjonova, Bahrillo Rahimov, Alisher Yo‘ldoshev, Mansur Abduxoliqov, Rayhon Asadova, Umid Zokirov, Daler Temurov, Zarif Hasanovlar rol ijro etgan.  

 D. Mamatova, O‘zA