Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur Elmurod: “Tajohul ul-orif”
15:59 / 2026-01-19

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

Iste’doli yosh shoir Bobur Elmurodning “Tajohul ul-orif” nomli she’riy kitobi “So‘zmunchoq” ruknida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

Bobur Elmurod tengdoshlari orasida o‘ziga xosligi bilan alohida ajralib turadigan faylasuf shoir. 

Mazkur to‘plamda uning so‘z bilan yuzmayuz suhbati, iztirob va kuch, ojizlik va sabr o‘rtasidagi murosasini his etasiz, ko‘rasiz, kuzatasiz. Shoir she’rlarida biz ko‘rib turgan oddiy manzaralar, kundalik hayotning jo‘ndek ko‘rinishlari falsafaga aylanib boradi.

Bunday jazavada esmasdi shamol,

Titramasdi bunday daraxt ham illo.

Bag‘rida bir quchoq mevasi bilan

Chayqalib-chayqalib yotadi xurmo.

 

Bola ho‘ngrab yig‘lar, u hali go‘dak,

Bunday manzaraga ko‘zi tushmagan.

U bexos “qars” etib singan shoxlarda

To‘rt-beshta xurmoni ko‘rdi – pishmagan...

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov shoir she’rlari haqida shunday yozgan edi: “Ukamiz Bobur Elmurodning she’rlarini o‘qib juda ta’sirlandim. Goho shoirning bitta she’ri muvaffaqiyatli chiqib, qolganlari susayib ketishi mumkin. Shoir ukamizning yozganlari esa hozircha unaqa emas.

Bobur Elmurod mana shu mas’uliyatni zinhor unutmasin, deyman”.

Kitobdagi she’rlar bilan tanishib borarkansiz, Bobur Elmurod ustoz shoir ishonchini chin ma’noda oqlab kelayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Bir zaminda tug‘ildik omon,

Birga o‘tdi erta-kechimiz.

Bitta edi biz bilgan osmon

Bitta edi Yaratuvchimiz.

 

Bir tovoqdan oshar edik osh,

Chinimiz bir, hazilimiz bir.

Kundalarga birga qo‘ydik bosh,

Boradigan manzilimiz bir.

 

Ammo meni qiynaydi bir his,

Birga yonmas bag‘irlar nechun?

Nechun hamon mushtdek jonimiz,

Tikilmagan hech narsa uchun.

 

Qay tarafga yuzimni burmay,

Qiblagohdek aziz to‘rt tomon.

Shu Vatanni nega odamlar,

Birgalashib sevolmas hamon...

Yosh shoirning yangi kitobini o‘qing. U ko‘nglingizdan joy olishi, shubhasiz...

A.Narzulloyev, O‘zA