French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur dahosiga ehtirom
14:49 / 2022-02-14

Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlari, ilmiy-ma’rifiy muassasalar, kutubxonalar, mahallalar, ijodiy jamoalar, harbiy qismlarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi keng nishonlanmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi kabi tashkilotlar tashabbusi bilan Bobur ijodini o‘rganishga oid ma’rifiy anjumanlar, g‘azalxonlik kechalari, mushoiralar, adabiyot bayramlari tashkil etilmoqda. Bular shunchaki nomigagina tadbir bo‘lib qolmay, kitobxonlik, adabiyot, she’riyat bayrami tarzida o‘tkazilayotgani, yoshlarga mumtoz adabiyotimizning eng yorqin namunalari tuhfa etilayotgani bilan ham diqqatga sazovordir.    

Darhaqiqat, ustoz shoir Sirojiddin Sayyid aytganidek, Zahiriddin Muhammad Bobur shoirligi shohligidan ulug‘roq, shohligi esa she’riday ogoh ijodkordir.

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Hindistonda boburiylar sulolasining asoschisi bo‘lgan Bobur benazir shoir, madaniyat va san’at, ilm-fan, hunar, me’morchilikning saxovatpesha homiysi sifatida jahon olimlari, kitobxonlari mehrini qozongan tarixiy shaxsdir.

Manbalarga ko‘ra, benazir ijodkor «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, «Mubayyin», «Xatti Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

“Boburnoma”ni varaqlar ekansiz, so‘zsiz o‘sha davrining tarixiy muhiti, tabiati, ob-havosi, ijtimoiy-siyosiy hayot, turli xalqlarning urf-odatlari, shaharlaru o‘lkalari geografiyasi bilan tanishishdek g‘oyat zavqli, qiziqarli mutolaa ummoniga sho‘ng‘iysiz.      

«Boburnoma» tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hali hamon qiziqtirib kelmoqda. Turli ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlarga asos bo‘lmoqda. Uzoq yillar davomida mashhur sharqshunos olimlar «Boburnoma» mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida qizg‘in  faoliyat ko‘rsatdilar. Bu asar hozirga qadar dunyo olimlari, tarixchilari, sharqshunoslari, manbashunoslari, umuman, adabiyot muxlislarining e’tibori, ehtiromi va  hayratiga  sazovor bo‘lib kelmoqda.  

Ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani kirib bormagan xonadon yurtimizda topilmasa kerak. Bobur hayotidan so‘zlovchi bu roman jahon xalqlarining ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Ulug‘ bobokalonimizning armonu iztiroblar, hasrat va nadomatlarga to‘la hayoti, zafaru mag‘lubiyatlari, ijodga,  she’riyatga munosabati hech bir o‘quvchini befarq qoldirmasligi aniq. Rosti, bu roman ko‘plarimiz uchun bugun oynai jahon orqali namoyish etilayotgan  yuzlab  seriallardan yuz chandon afzal. Kitobni dildagi og‘riqlarsiz, yurak ko‘z yoshisiz o‘qib bo‘lmaydi.  Taqdirning shum ko‘rgiliklari, zarbalari, sinov va imtihonlarini munosib yengishga, ulardan sharaf bilan o‘tishga o‘rgatadi Bobur hayoti.

Atoqli yozuvchi Xayriddin Sulton ijodida ham buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburga bo‘lgan cheksiz mehr, ehtirom, uning hayoti, ijodiga bo‘lgan muhabbat, xayrixohlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu jihati bilan ham ustoz yozuvchining ijodi kitobxonlarni yanada ko‘proq o‘ziga jalb etadi.

Mamlakatimizda milliy adabiyotimizni yanada ravnaq toptirish, ularning ijodiy merosini to‘laqonli o‘rganish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Adiblar xiyoboni”da Zahiriddin Muhammad Bobur haykali qad rostladi. Turli sabablarga ko‘ra, xorijiy muzeylar, ilmiy-ma’rifiy muassasalar, kutubxonalarda saqlanayotgan madaniy merosimiz haqida ma’lumot to‘plash, ularni o‘rganish borasidagi ishlar jonlandi.  

Bobur merosi va boburiylar qadamjolarini o‘rganish hozir ham davom etmoqda va bu ishlar natijasida keng jamoatchilik e’tiboriga yana yangi asarlar hamda ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvlar chog‘ida, nufuzli xalqaro anjumanlarda Boburning betakror shaxsiyati, uning murakkabliklarga to‘la hayot yo‘li, tengsiz ijodi xususida hamisha batafsil to‘xtaladi. Bu boradagi zalvorli vazifalarga jiddiy e’tibor qaratadi. Jumladan, 2021 yilning iyul oyida davlatimiz rahbari Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Bobur merosi va boburiylar qadamjolarini o‘rganish hozir ham davom etayotgani, bu ishlar natijasida keng jamoatchilik e’tiboriga yana yangi asarlar hamda ma’lumotlar taqdim qilinayotgani xususida alohida to‘xtaldi. Ulug‘ bobokalonimiz haqida film suratga olish g‘oyasini ilgari surdi. Albatta, tegishli ijodiy tuzilmalar bu boradagi kechiktirib bo‘lmas vazifalarni ham o‘zi uchun belgilab olgani, mazkur yo‘nalishda amaliy ishlar, sa’y-harakatlar, tadqiqotlar olib borayotgani  aniq.

 

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri