O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Bir guruh mualliflar – Zulxumor Xolmanova, Shuhrat Hayitov, Dilafruz Muhammadiyevalar hamkorligida “Bobur asarlari lug‘ati” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Ta’kidlash joizki, Bobur Mirzo betakror so‘z ustasi. Uning asarlari eng avvalo jonli turkona tili, ifoda tarzi bilan o‘quvchini o‘ziga rom etadi. Ensiklopedik ilm sohibi bo‘lish, serqirralik har qanday ijodkorga ham nasib qilavermaydi. Bobur ana shunday baxtga muyassar bo‘lgan kam sonli omadli ijodkorlar sirasiga kiradi.
Bobur Mirzo asarlarini o‘qirkansiz, ko‘z o‘ngingizda qalbi tug‘yon va armonlarga to‘la shoir, o‘z xalqi va kishilik tarixi sarchashmalaridan yaxshi boxabar tarixchi, tilshunos, adabiyotshunos, tabiatshunos, geograf, musiqashunos kabi siymolar bir-bir o‘ta boshlaydi.
Zahiriddin Muhammad Boburdek ijodkor asarlarining lug‘atini tuzish, uni sayqallab borish, bu – hayotiy zarurat. Hech mubolag‘asiz, aytish mumkin, buyuk olim, shoir va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining zahmatkash olimlarimiz hamkorligida tuzilgan ushbu lug‘ati ulug‘ adib ijodining bebaho so‘z boyligini to‘liq qamrab olgan, deyish mumkin.
Lug‘at Bobur asarlari yuzasidan hozirgi lug‘atshunoslik tamoyillari asosida tuzilgan va unda so‘zlarning mukammal izohi berilgan. Bu, Bobur asarlari matnidagi lug‘aviy birikmalarni izohlash, buyuk mutafakkir ijodini keng yoyish, ommalashtirish, bir qator sohalardagi tadqiqotlar tizimini shakllantirish, shuningdek, o‘zbek tilining ifoda va ta’sir imkoniyatlarini, lug‘aviy birliklarda til egasi tafakkuri, idrokining aks etish darajasini yoritishga xizmat qiladi.
Mazkur lug‘at “Boburnoma” leksikasiga bag‘ishlangan tadqiqot ilovalari hamda hozirga qadar yaratilgan lug‘atlarga tayanilgan holda tuzilgan.
Lug‘atda avvalgi tadqiqotlar yoki lug‘atlarda qayd etilmagan so‘zlar, iboralar mavjud bo‘lib, ayrim so‘zlarning izohiga aniqlik kiritilgan.
Lug‘at kitobxonlarga Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini chuqur tushunishga yaqindan yordam beradi.
Ushbu kitob ilmiy xodimlar, oliy o‘quv yurtlari filologiya fakultetlari o‘qituvchilari, talabalari va Bobur ijodining ixlosmandlari uchun o‘ziga xos tuhfadir.
A.Narzulloyev, O‘zA